Toʼra Bobolov Olimpia oʼyinlari yoʼllanmasiga ega sportchiga avtomashina sovgʼa qildi
Toʼra Bobolov Olimpia oʼyinlari yoʼllanmasiga ega sportchiga avtomashina sovgʼa qildi
Surxondaryo viloyati hokimi Toʼra Bobolov Tokioda boʼlib oʼtadigan XXXII yozgi Olimpia oʼyinlari yoʼllanmasini qoʼlga kiritgan Sanjar Tursunovni “Kobalьt” yengil avtomashinasi bilan taqdirladi.
Mohir bokschi ikki marta Oʼzbekiston kubogi, uch marta yoshlar oʼrtasida Osiyo chempioni kamarini qoʼlga kiritgan. Boks boʼyicha Germaniyaning Gamburg shahrida boʼlib oʼtgan Jahon chempionatida uchinchi oʼrinni egallagan. 22 yoshdagi sportchi hozirgacha 40 ga yaqin jang oʼtkazib, ularning 20 dan ortigʼida gʼalabaga erishgan.
— Prezidentimiz sportchi-yoshlarni har taraflama qoʼllab-quvvatlab, nufuzli musobaqalarda gʼalabaga boʼlgan ishonchimizni yanada mustahkamlayotir, — deydi Sanjar Tursunov. — Bu bizning yanada yuqori marralarni koʼzlab, jahon arenasida Oʼzbekiston bayrogʼini baland koʼtarishga undamoqda. Nasib boʼlsa, shu yil “Tokio-2020” Olimpiadasida ham gʼalaba bilan qaytaman. Buning uchun Toshkent viloyatida bellashuvga puhta hozirlik koʼrayapman.
Mamlakatimiz sportchilari oʼrtasida XXXII yozgi Olimpia oʼyinlari yoʼllanmasini birinchilardan boʼlib, qoʼlga kiritgan Sanjar Tursunov Denov tumanidagi Oʼrikzor mahallasida tugʼilib, kamolga yetgan. Olti yoshidan boks bilan shugʼullanadi.
— Togʼalari polvon, — deydi otasi Shokir Tursunov. — Аkasi Suxrob esa bolalikdan sportning dzyudo turiga mehr qoʼydi. Sanjar ham ularga ergashib, sport bilan shugʼullana boshladi. Lekin, u boksni tanladi. Suxrob Xitoyning Nankin shahrida 2014 yil oʼtkazilgan oʼsmirlar Olimpia oʼyinlarida bronza medalь sohibi boʼlib qaytgach, Sanjarda bundan ham yuqori pogʼonalarga koʼtarilish orzusi paydo boʼldi. Qatьiy mehnat va intilishlar oʼgʼlimning orzusini ruyobga chiqarmoqda. U Tokio Olimpiadasida mamlakatimiz sharafini ishonchli himoya qiladigan boʼldi. Bularning barchasi davlatimiz tomonidan yoshlarning sport bilan shugʼullanishi uchun yetarli sharoit yaratilgani va ularga koʼrsatilayotgan gʼamxoʼrliklar samarasidir.
Tadbirda Sanjar Tursunovga viloyat hokimi sovgʼasi — “Kobalьt” yengil avtomashinasini viloyat hokimining oʼrinbosari Joʼrabek Toʼraev keng jamoatchilik vakillari, sportchilar va yoshlar ishtirokida tantanali topshirdi.
Joriy yilda boʼlib oʼtadigan “Tokio-2020” Olimpiya oʼyinlarida Surxondaryo viloyatidan oʼndan ortiq sportchi ishtirok etishi kutilmoqda.