TERMIZDA ZAMONAVIY DZYUDO ZALI FOYDALANISHGA TOPSHIRILDI

TERMIZDA ZAMONAVIY DZYUDO ZALI FOYDALANISHGA TOPSHIRILDI

Surxondaryo viloyati markazi Termiz shahridagi 9-umumta’lim maktabi hududida barcha zamon talablariga javob beruvchi dzyudo zali mahalliy yoshlar ixtiyoriga topshirildi.

Bugun ushbu yengil konstruksiyali (sendvich panelli) dzyudo zalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Ilhom Safarov, Termiz shahar hokimi o‘rinbosari Kamol Ashurov, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Suluv Hamidova, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi o‘rinbosari Bekzod To‘raboyev, milliy terma jamoamiz dzyudochilari hozir bo‘lishdi.

So‘zga chiqqanlar qisqa fursatda bunyod etilgan dzyudo zali mahalliy yoshlar hamda maktab o‘quvchilari uchun chinakam sovg‘a bo‘lgani, kelajakda ushbu sport maskanidan Olimpiada va jahon chempionlari yetishib chiqishi, eng muhimi, ushbu zal dzyudo bilan shug‘ullangan yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishlari, salomatliklarini yanada mustahkamlashlari uchun xizmat qilishini alohida ta’kidladilar.

Jajji bolajonlarning qo‘shiq kuylab raqsga tushishlari, yosh dzyudochilarning ko‘rgazmali chiqishlari tantanali ochilish marosimiga yig‘ilganlarga zavq va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.