ENG KUCHLILAR TERMIZDA BELLASHMOQDA

ENG KUCHLILAR TERMIZDA BELLASHMOQDA

Mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘rgatishni ommalashtirishni yangi bosqichga olib chiqish va sohani rivojlantirish uchun tizimli ishlarni tashkil etish, ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama barkamol qilib tarbiyalash, buning uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 19 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5117-sonli qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 19 maydagi “Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 312-sonli qarori asosida maktablarda chet tilini o‘qish va o‘qitish sharoitlarini yaxshilashga, mehnat qilayotgan o‘qituvchilarimiz nufuzini oshirishga katta e’tibor qaratildi.

Mazkur qarorlar ijrosini ta’minlash maqsadida, bugun 21-aprel kuni Termiz shahridagi 26-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish Agentligi va Xalq ta’limi vazirligi hamkorlikda Prezident sovrini uchun “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovining viloyat bosqichiga start berildi.

Bugun o‘tkazilayotgan tanlovning hududiy bosqichida 1-o‘rinni egallagan maktab jamoasi – 250 mln so‘m, 2-o‘rinni egallagan maktab jamoasi – 200 mln so‘m, 3-o‘rinni egallagan maktab jamoasi – 150 mln so‘m pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Ushbu tanlovning ochilish marosimida viloyat hokimining o‘rinbosari Ilxom Saparov ishtirok etdi.

Tanlov g‘oliblari bugun soat 17-00 da aniqlanadi. Bu haqda batafsil xabar beramiz.Termiz shahridagi eng so‘ngi yangiliklarni faqat ushbu kanalda kuzatib borishingiz mumkin.