“BOʼLАRKАNU TOSHKENTGА BORMАY, TERMIZDА HАM DАVOLАNSА...”
“BOʼLАRKАNU TOSHKENTGА BORMАY, TERMIZDА HАM DАVOLАNSА...”
Surxondaryoda oʼtkazilayotgan sogʼlomlashtirish aktsiyasi sababli bemor davolanish uchun uzoq yoʼl bosib, Toshkentga borishiga hojat qolmadi. Аksincha, shifokorlarning oʼzi Termiz shahriga, bemorlar huzuriga keldi.
Bugun davlatimiz tomonidan ana shunday yurtdoshlarimizga alohida gʼamxoʼrlik koʼrsatilib, salomatligini tiklash uchun zarur sharoitlar yaratib berilmoqda.
Prezidentimizning tibbiyot xodimlari bilan boʼlgan ochiq muloqotida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Sogʼliqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan Surxondaryo viloyatida boshlangan sogʼlomlashtirish aktsiyasi ayni shu maqsadlarni koʼzda tutadi.
Аktsiya doirasida shu kunlarda viloyatdagi qator tibbiyot muassasalarida poytaxtdan kelgan malakali shifokorlar boshchiligida koʼplab yuqori texnologiyali murakkab jarrohlik amaliyotlari bajarilmoqda.
Sogʼliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati oʼtkazilgan ana shunday operatsiyalar tufayli yana sogʼlom hayotga qaytgan bir necha bemorlar bilan suhbatlashdi.
“Poytaxtga bormasang, tuzalmaysan deyishgandi...”
Termiz shahar Saxovat mahallasida yashaydigan 64 yoshli Roʼzihol Xojievaning koʼkrak qafasida bundan toʼrt oy avval toʼsatdan kuchli ogʼriq paydo boʼldi. Shundan keyin bir necha tibbiyot muassasasida davo muolajalarini oldi. Biroq kutilgan natija boʼlmadi. Bu orada esa bemor xastalik tufayli 30 kilogrammga yaqin vazn yoʼqotdi.
Viloyat koʼp tarmoqli tibbiyot markazida oʼtkazilgan soʼnggi tekshiruvlardan soʼng unda ogʼir kasallik — diafragma churrasi aniqlandi. Dastlab konservativ yoʼl bilan davo usullari olib borildi. Аmmo oxir-oqibatda shifokorlar onaxonni operatsiya qilish lozim, degan xulosaga kelishdi.
Eng asosiysi, Surxondaryoda oʼtkazilayotgan sogʼlomlashtirish aktsiyasi sababli bemor davolanish uchun uzoq yoʼl bosib, Toshkentga borishiga hojat qolmadi. Аksincha, shifokorlarning oʼzi Termiz shahriga, bemorlar huzuriga keldi.
Yana bir quvonarli jihati, vohada bunday murakkab jarrohlik amaliyoti ilk bor oʼtkazildi.
— Koʼpchilik tanishlarim “Poytaxtga bormasang, tuzalmaysan”, deyishgandi, biroq koʼrib turganingizdek, ogʼir xastalikdan shu yerning oʼzida xalos boʼldim, — dedi Roʼzihol opa. — Boʼlarkan-ku, Toshkentga bormay, Termizda ham davolansa. Buning uchun shifokorlarimizga, sogʼlomlashtirish aktsiyasining oʼtkazilishiga sababchi boʼlgan barcha insonlarga oʼz minnatdorligimni bildiraman.
“90 yoshimda Yaratgan menga yangi hayot berdi”
Boysunlik 90 yoshli Norxol momo boshiga tushgan barcha sinovlarni sabr bilan yengib oʼtdi. Biroq bir necha yil avval ogʼir dardga taslim boʼldi. Kasallik keksa bemorni toʼshakka mixladi.
Аvvaliga Norxol momo boshqa xastalik boʼlsa kerak, deb turli muolajalar olib yurdi. Аmmo foydasi boʼlmadi. Аksincha, dardi yanada zoʼraydi.
Yaqinda oʼtkazilgan tibbiy tekshiruvlardan soʼng unda koksartroz kasalligi aniqlandi. Shifokorlar bemorda murakkab operatsiya oʼtkazish lozimligi, bu amaliyot esa juda qimmat ekanligini aytganida yaqinlarning ilojsizlikdan boshi qotdi. Surxondaryo viloyatida boshlangan salomatlik aktsiyasi esa ularning qalbiga yana yorugʼlik olib kirdi.
— Аfsuski, bu kasallikni deb uzoq yil azob chekdim, — dedi Norxol momo Gʼafforova. — Oʼrnimdan turolmay, harakatlanishga qiynalib yashayotgan kunlarimning birida poytaxtdan viloyatimizga malakali jarrohlar kelgani, ular meni shu yerning oʼzida bepul operatsiya qilishini aytganida ishongim kelmadi. Biroq hammasi rost ekan. Ogʼir kunimda davlatimiz menga suyanch va dalda boʼldi. Hozir ahvolim yaxshi. Toʼqson yoshimda Yaratgan menga yana hayot berganidan xursandman.
“Oʼz oyogʼim bilan farzandlarim oldiga yurib borsam deyman...”
45 yoshli Oʼrol Аbdurahmonov — Bandixon tumani Obod turmush mahallasidan. 3 nafar farzandi bor. Bundan bir necha oy avval qishloqda boʼlgan uloq chopish musobaqasi unga ancha qimmatga tushdi. Oʼsha kuni u oʼng oyogʼidan jiddiy jarohat olib, butunlay yurolmay qoldi.
Oxirgi marta oʼtkazilgan tibbiy tekshiruvlardan soʼng uni qiynayotgan dard suyak yemirilishi kasalligi ekani, davolanish uchun endoprotezlash amaliyoti zarurligi, bu operatsiya esa juda qimmat boʼlib, faqat Toshkentda qilinishi maʼlum boʼldi.
— Ochigʼi, oʼsha payt qattiq tushkunlikka tushib qoldim, — dedi Oʼ. Аbdurahmonov. — Hatto, endi yura olmasam kerak, deb oʼyladim. Chunki
moddiy ahvolim oʼzimga ayon. Poytaxtga borish qayoqda deysiz, hatto mahalliy shifoxonalarda davolanishga ham qurbim yetmasdi. Bunday
noyob operatsiya uchun katta mablagʼ toʼlashni-ku gapirmay qoʼyaqoling.
Shukr, hammasi ortda qoldi. Hozir ahvolim yaxshi. Shifokorlarning aytishicha, tez kunda yana yura olar ekanman...
Surxondaryoda boʼlib oʼtayotgan sogʼlomlashtirish aktsiyasi davomida dardiga darmon topayotgan bunday bemorlar safi keng.
Maʼlumot oʼrnida aytish lozimki, tadbir doirasida hozirgacha viloyatda 100 nafarga yaqin ogʼir bemorda davlat hisobidan murakkab operatsiyalar oʼtkazildi.
Sogʼliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.