SSV: Qashqadaryo va Namangan viloyatlaridan soʼng Surxondaryoda tibbiy sayyor qabullar boshlandi
SSV: Qashqadaryo va Namangan viloyatlaridan soʼng Surxondaryoda tibbiy sayyor qabullar boshlandi
Prezidentimizning tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqotida belgilangan muhim vazifalar ijrosi boʼyicha Sogʼliqni saqlash vazirligi tomonidan Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida sogʼlomlashtirish aktsiyalari oʼtkazilgani haqida xabar bergan edik.
Аna shunday tadbir endi Surxondaryo viloyatida ham boʼlib oʼtmoqda. Bugun Termiz shahridagi “Sohil” bolalar oromgohida aktsiya doirasida sayyor tibbiy qabullar boshlandi.
Unda vazirlik markaziy apparati jamoasi, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari rahbarlari va shifokorlari, tibbiyot oliy oʼquv yurtlari olimlari hamda mahalliy mutaxassislar, jami 200 nafardan iborat maxsus guruh aholini qabul qilishga kirishdi.
Surxondaryo —Oʼzbekistonning janubiy darvozasi, mamlakatimizning eng olis hududlaridan biri. Bugun viloyatdagi 14 ta tuman va 1 ta shaharda 2,5 milliondan ziyod aholi istiqomat qiladi. Bu yerda 721 ta mahalla va 161 ta birlamchi tibbiyot muassasasi faoliyat yuritmoqda.
Soʼnggi yillarda hududda sogʼliqni saqlash tizimini aholiga yanada yaqinlashtirish, koʼrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va qamrovini oshirish borasida sezilarli yutuqlarga erishildi. Biroq sohada hali yechimini kutayotgan masalalar yoʼq emas.
Аktsiya Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida boʼlgani kabi Surxondaryoda ham ikki bosqichda oʼtkazilyapti. Birinchi bosqichda poytaxtdan kelgan mutaxassislar guruhlar kesimida viloyatning har bir shahar va tumaniga taqsimlanib, joylarda “xonadonbay” tamoyili asosida aholi salomatligi, ularni qiynayotgan tibbiyotga doir muammolarni oʼrganmoqda.
Qaysi hududda qanday kasalliklar koʼp tarqalgan boʼlsa, shunga koʼra, joylarga aynan shu yoʼnalishdagi ixtisoslashtirilgan markazlar shifokorlari biriktirilyapti.
Ikkinchi bosqichda vazirlikning maxsus guruhi tomonidan hududlardagi oʼrganish natijalari yakunlariga koʼra Termiz shahri va viloyatning qator tumanlarida sayyor tibbiy qabullar oʼtkazish rejalashtirilgan. Bugungi tadbir bu boradagi dastlabki qadamdir.
Erta tongdan boshlangan sayyor tibbiy qabulga sogʼligida muammosi bor bemorlar kela boshladi. Ular dastlab tibbiy roʼyxatga olinib, elektron tarzda tor soha mutaxassislari koʼrigiga yoʼnaltirilmoqda. Shuningdek, bemor tibbiy yordamga muhtojlik darajasiga koʼra tasniflanib, koʼrsatiladigan tibbiy xizmat hajmi tuman, viloyat va respublika miqyosida belgilab olinyapti. Yuqori texnologik amaliyotlar talab etiladiganlarga esa shu yerning oʼzida order rasmiylashtirilmoqda.
Sayyor qabul davomida tibbiy yordamga ehtiyoji bor bemorlarni davolash jarayoniga yoʼnaltirish bilan birga, tuman tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi, dori-darmonga boʼlgan ehtiyojini aniqlash, faoliyatiga doir muammolarni hal etish, sohani tajribali va kreativ fikrlovchi yosh mutaxassislar bilan taʼminlash masalalari ham kompleks tahlil qilinib, amaliy yechimlar belgilanyapti.
Shuningdek, yangi oilaviy poliklinikalar va shifokor punktlarini tashkil etish, birlamchi tibbiyot muassasalarida kunduzgi statsionar ish vaqtini soat 20-00ga qadar uzaytirish, olis va chekka hududlarda konteyner shaklidagi tibbiy punktlar faoliyatini yoʼlga qoʼyish, tez tibbiy yordam xizmatini maqbullashtirish boʼyicha ham aniq chora-tadbirlar koʼrilmoqda.
Shuningdek, yangi oilaviy poliklinikalar va shifokor punktlarini tashkil etish, birlamchi tibbiyot muassasalarida kunduzgi statsionar ish vaqtini soat 20-00ga qadar uzaytirish, olis va chekka hududlarda konteyner shaklidagi tibbiy punktlar faoliyatini yoʼlga qoʼyish, tez tibbiy yordam xizmatini maqbullashtirish boʼyicha ham aniq chora-tadbirlar koʼrilmoqda.
Аslida xastalikning har qanday turi — murakkab sinov. Oʼz vaqtida va toʼgʼri muolaja qilinmasa, kichik jarohat ham ogʼir asoratlarga sabab boʼlishi mumkin.
Аmmo ogʼriqlardan oh chekib, dardiga darmon topolmay, noumid shiftga termulib yotgan yoki tugʼma nuqsonlari tufayli tuzalishdan batamom umidini uzgan ogʼir bemorlar borki, davlatimiz, birinchi navbatda, ana shunday yurtdoshlarimiz huzuriga borib, ularga tirgak boʼlishni, shifo va mehr ulashishni maqsad qilgan.
Bir emas, yuzlab insonlarning yana hayotga qaytishiga sabab boʼlayotgan sogʼlomlashtirish aktsiyasi shunisi bilan ahamiyatli.
Ushbu xayrli tashabbus tufayli sanoqli kunlar ichida Surxondaryoda 100dan ortiq murakkab operatsiyalar muvaffaqiyatli oʼtkazilgani kichik natija emas, albatta. Eng muhimi, aktsiya davom etmoqda. Yaqin kunlarda yana koʼplab bemorlar sogʼayib oyoqqa turishi kutilmoqda.