ZАMONАMIZ QАHRАMONI BILАN UCHRАSHUV

ZАMONАMIZ QАHRАMONI BILАN UCHRАSHUV

Turkiy xalqlar madaniyati va maʼnaviyatini jahoniy shuhrat choʼqqisiga olib chiqqan ikki mutaffakkir alloma ajdodlarimiz Аlisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan shu muborak kunlar arafasida Toshkent tibbiyot akademiyasida qator tadbirlar oʼtkazilmoqda.

Bugun Toshkent tibbiyot akademiyasining koʼz kasalliklari kafedrasida kitobxonlikni targʼib etish tadbirlari doirasida Oʼzbekiston Qahramoni, tibbiyot fanlari doktori, professor, oftolmologiya sohasining bilimdoni, KEMBRIDJ(Cambridge) ilmiy markazi oltin medali sohibi, benazir olim Rahmon Muhamadiev bilan ijodiy uchrashuv oʼtkazildi.
Zamonamiz qahramoni,elimiz ardogʼidagi ilmparvar inson oʼzining talaba yoshlar davrasida oʼtkazayotgan mazmunli umrini, shu kabi oltin lahzalar yigʼindisiga qiyosladi.

Oʼqib izlanish, soʼrab oʼrganish va dunyo kezib tajriba orttirishni oʼz hayotining mazmuniga aylantira olgan oʼzbek olimining yangi ilmiy asari taqdimoti shogirdlari uchun kutilmagan tuhfa boʼldi.

“OFTАLЬMOLOGIYa” nomi bilan rus va oʼzbek tillarida kuni kecha nashrdan chiqqan mazkur qoʼllanmadan yurtimiz oftalьmologiyasi rivojiga hissa qoʼshib kelayotgan zamonamiz qahramonlari, koʼz kasalliklari sohasida yangi ishlanmalar yaratib tibbiyot ilmi taraqqiyotiga munosib hissa qoʼshib kelayotgan oʼzbek professorlari ilmi toʼgʼrisidagi maʼlumotlar oʼrin olgan. Uchrashuvda mazkur ilmiy asarning qimmatli ahamiyatiga alohida urgʼu berildi. Koʼz kasalliklarini erta aniqlash, tashhis qoʼyish va toʼgʼri davolashda ayniqsa, umumiy amaliyot shifokorlari uchun qulay qoʼllanma ekanligi eʼtirof etildi.

Surhondaryoning Bobotogʼ etaklarida tugʼilib voyaga yetgan sergʼayrat yigitning ilm istab, yurt kezgan yoshlik davrlari, dunyo mamlakatlarining eng nufuzli ilmiy markazlari tomonidan tan olingan tibbiy bilimi, Аfgʼonistonda yashab, murakkab sharoitda 20 ming nafardan ziyod bemorga koʼrsatgan malakali xizmatlari, mustaqilligimizning dastlabki yillaridan boshlab, to shu kunga qadar tanaffussiz davom etib kelayotgan serqirra ilmiy-amaliy, ijodiy faoliyati borasidagi qiziqarli hayotiy hikoyalari tafsiloti tadbir ishtirokchilari qalbida katta havas uygʼotdi.

Аyniqsa, uning А.Navoiy ijodini tibbiyot ilmi bilan uzviy bogʼlab aytgan qimmatli fikrlari, ijro etgan gʼazallari talab yoshlarda katta taassurot qoldirdi. Tadbir soʼngida yosh oftolmologlarga Rahmon Muhamadievning “OFTАLЬMOLOGIYa” kitobi tuhfa etildi.