Termiz shahrida “Oʼzbekiston – umumiy uyimiz!” nomli bayram tadbiri oʼtkazildi
Termiz shahrida “Oʼzbekiston – umumiy uyimiz!” nomli bayram tadbiri oʼtkazildi
Bugun, 20 may kuni muhtasham Sanʼat saroyida Termiz shahar hokimligi tashabbusi bilan shahardagi milliy madaniyat markazlari, viloyat madaniyat boshqarmasi va taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda turli millat vakillari bir jonu bir tan boʼlib yashayotgan Vatanda “Oʼzbekiston - doʼstlik va birodarlik ulugʼlangan yurt” shiori ostida katta bayram tadbiri boʼlib oʼtdi.
Barchamizga maʼlumki, mustaqillikka erishganimizga tarixan qisqa davr, yaʼni 30 yil toʼldi. Аna shu yillar davomida mamlakatimizda ulugʼvor asrlarga tatigulik bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Ushbu buyuk yaratuvchanlik ishlarida yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlarning vakillari ham faol ishtirok etishmoqda. Chunki mamlakatimizda yashab, mehnat qilayotgan turli millat vakillari shu yurtni aziz bilib, Oʼzbekistonni Vatan deb ulugʼlab, katta oilaning teng huquqli farzandlari boʼlib, ahil–inoq yashab kelmoqdalar.
Bugungi oʼtkazilgan tadbirda ham turli millat vakillari tomonidan milliy liboslarda qizlar binoning kirish yoʼlakchalarida tadbir ishtirokchilarini karnay-surnay sadolari ostida kutib olishdi. Tadbirda “Biz sening farzandlaringmiz, Oʼzbekiston!” shiori ostida tashkil etilgan koʼrgazmada shahrimizda faoliyat yuritayotgan tojik, turkman va rus madaniyat markazlarining va turli millatlarning milliy hunardmanchiligi, qadriyatlarini aks ettiruvchi ashyolar va milliy taomlaridan namunalar namoyish etildi.
Tadbir davomida rus, tojik, turkman milliy madaniyat markazlari tomonidan oʼz milliy urf-odatlarini aks ettirgan konsert dasturlarini namoyish etishdi. Bayram tadbirida badiiy jamoalarining chiqishlari ishtirokchilarga xush kayfiyat bagʼishladi. Turli millat vakillariga xos boʼlgan oʼzida oilaviy qadriyatlarni aks ettiruvchi milliy udum va anʼanalar namoyishi oʼtkazildi. Bayramga tashrif buyurgan vohadoshlarimizning yuzida quvonch, koʼzlarida yurtga muhabbat va sadoqat hissi joʼsh urmoqda. Ozod va obod yurtga bayramlar yarashadi.