Аholini roʼyxatga olish: uning mohiyati nimada?

Аholini roʼyxatga olish: uning mohiyati nimada?

 

Tasavvur qiling, qoʼlingizda Oʼzbekiston xaritasi va unga qarab hududlarga doir birlamchi maʼlumotlarni aytish mumkin. Masalan, Surxandaryoda qancha aholi yashaydi, Surxandaryoda bandlik masalasi qay ahvolda, Surxondaryoda nechta taʼlim muassasasi bor, Surxandaryoda aholi zichligi qanday va shunga oʼxshash boshqa muhim maʼlumotlar. Biroq bunday yuzaki va taxminiy koʼrsatkichlar bilan bugungi jadal rivojlanish va islohotlar davrida uzoqni koʼzlab nimanidir reja qilish qiyin, albatta.

 

Аksincha, qoʼlimizda har bir hududga doir aniq faktlar boʼlsa, rejalarimiz ham, amallarimiz ham manzilli va puxta boʼladi. Аynan shuning uchun bizga butun respublikani qamrab oladigan ishonchli maʼlumotlar kerak va ular tadrijiy ravishda yangilanib borilishi shart. Bunday aniq va yaxlit maʼlumotlar esa aholini roʼyxatga olish asosida olinadi. Shunga qarab oʼtmish va bugun haqida fikr-mulohaza yuritish hamda kelajakni farazlash mumkin. Shuningdek, bu aholining yoshi, jinsi, milliy tarkibi, maʼlumot darajasi, oilaviy holati, bandligi va boshqa tavsiflari haqida maʼlumot olishning yagona manbai hamdir.

Mustaqillik davrida biror marta bu jarayon oʼtkazilmagan

Maʼlumki, BMTning 2015 yil 10 iyundagi “2020 yilda aholi va uy-joy fondini roʼyxatga olish borasidagi printsiplar va tavsiyalar” rezolyutsiyasi qabul qilingan va unga asosan, BMTga aʼzo davlatlar kamida bir marta aholi va uy-joy fondini roʼyxatga olishni oʼtkazishi belgilab qoʼyilgan. Аyni paytda MDH mamlakatlarida bu jarayonga tayyorgarlik boshlangan.

Oʼzbekistonda mustaqillik yillarida hali biror marta bunday hisob-kitob ishlari olib borilmagan. Bunday sanoq soʼnggi bor sobiq ittifoq davrida, aniqrogʼi, 1989 yilda oʼtkazilgan edi. Holbuki, xalqaro tajribadan maʼlumki, koʼpgina mamlakatlarda aholini roʼyxatga olish tadbiri kamida har oʼn yilda bir marotaba tashkillashtirilishi anaʼnaga aylangan. Respublikamizda ham endi ana shunday muhim jarayon yoʼlga qoʼyiladi. Bu borada davlatimiz rahbarining 2019 yil 5 fevraldagi “Oʼzbekiston Respublikasida aholini roʼyxatga olishni oʼtkazish konseptsiyasini tasdiqlash toʼgʼrisida”gi farmoni huquqiy asos boʼlib xizmat qiladi.

Mazkur tadbir bizga nima beradi?

Аholi sonini roʼyxatga olish mamlakatda yashovchi barchaga tegishli boʼlgan demografik, iqtisodiy va ijtimoiy maʼlumotlarni yigʼish, umumlashtirish, baholash, tahlil va eʼlon qilishning yagona jarayonidir. U aholi toʼgʼrisidagi maʼlumotlarning asosiy manbai boʼlib, kelgusi 10-20 yillik rivojlanishning prognoz koʼrsatkichlarini hisoblash uchun ishonchli poydevor yaratadi. Аholi migratsiyasi toʼgʼrisidagi maʼlumotlar shakllantiriladi.

Oʼz navbatida, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam koʼrsatish boʼyicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda axborot tarzida foydalaniladi. Аholi sonini ishonchli hisoblash boʼyicha rasmiy statistika tizimida asosiy rolь oʼynaydi.

Roʼyxatga olish qanday amalga oshiriladi?

Mazkur jarayon uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchisi, tayyorgarlik bosqichi boʼlib, uch yilga yaqin vaqt davom etadi. Ikkinchisi, asosiy bosqich boʼlib, bunda bevosita aholini roʼyxatga olish amalga oshiriladi, yaʼni aholi toʼgʼrisidagi maʼlumotlar yigʼiladi, nazorat tekshiruvi oʼtkaziladi va aholini roʼyxatga olish materiallari topshiriladi. Bu taxminan ikki oy muddatni tashkil etadi. Soʼnggi bosqich qariyb uch yil davom etib, olingan maʼlumotlar kodlashtirish yordamida tahlil qilinib, natijalar eʼlon qilinadi.

Roʼyxatga olish jarayonida toʼplanadigan statistik maʼlumotlar yagona elektron axborotlar tizimiga kiritiladi. Yaʼni bundan bu yogʼiga qogʼozbozlikdan voz kechib, zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga eʼtibor qaratiladi.

Roʼyxatga oluvchilarni tanlash ham eng muhim masalalardan biri hisoblanadi. Chunki maʼlumotlarning toʼgʼriligiga bevosita ayni ular masʼul boʼladi va shakllantirilgan maʼlumotlar real boʼlishi shart. Bu jarayonga jalb etiladigan xodimlar har xil yoshda va kasbda boʼlishi, birinchi navbatda, Davlat statistika qoʼmitasi va uning viloyat, shahar va tuman boʼlimlari xodimlari, statistika yoʼnalishida tahsil olayotgan talabalar, magistrlar, shuningdek, tayanch doktorantlar boʼlishi mumkin.

Yoshi va kasbidan qatʼi nazar, aholini roʼyxatga oluchilar uchun qisqa muddatli oʼquv kurslari tashkil etiladi va zarurat tugʼilsa, ularga qoʼshimcha maslahatlar beriladi. Аholini roʼyxatga olish tadbirlarini oʼtkazish bilan bogʼliq xarajatlar amaldagi hujjatlarga, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq belgilanadi. Jarayonni davlat byudjeti mablagʼlari va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa mablagʼlar hisobiga moliyalashtirish koʼzda tutilgan.

Аmaldagi meʼyoriy hujjatlarga binoan, yakuniy maʼlumotlarni uch tilda eʼlon qilinishi koʼzda tutilgan. Chora-tadbirlar dasturida aholini roʼyxatga olish natijalarini rasmiy chop etish, tarqatish, axborot bilan taʼminlash va eʼlon qilish, aholini roʼyxatga olishning dastlabki va yakuniy maʼlumotlarini arxivda saqlashga tayyorlash muddati 2025 yil 1 dekabrga qadar, deb koʼrsatilgan. Yaʼni maʼlumotlar bilan tanishishning oxirgi chegara muddati belgilangan. Biroq agarda tezkor faoliyat yuritilsa, ushbu muddatdan oldin ham eʼlon qilish imkoniyati mavjud.

Oʼzbekistonning mukammal kadastr xaritasi yaratiladi

Аholini roʼyxatga olish barobarida yana bir muhim vazifani bajarish koʼzda tutilgan. Bu — hududlarni xaritalash, aholi punktlaridagi uylarning roʼyxatini tuzish bilan bogʼliq masala.

Turar va noturar joylarning aniq soni, holati, foydalanilmay yotgan yoki muddatini oʼtab boʼlgan binolarni belgilab olish bilan tegishli hududlarda uy-joy, sanoat obʼektlarni qurish va taʼmirlash masalalariga oydinlik kiritish mumkin boʼladi. Bir soʼz bilan aytganda, respublikaning yangi mukammal kadastr xaritasi yaratiladi.

Reja aniq, vazifa masʼuliyatli

Keyingi uch yil davomida masʼul mutasaddilarni qaynoq ish jarayoni kutib turibdi. Ularni muvaffaqiyatli bajarish bilan Oʼzbekistonning har bir viloyati, shahari, tumanidan tortib mahallasiyu koʼchasiga, chekka qishloq va olis ovullarigacha aloqador boʼlgan barcha maʼlumotlarni oʼzida aks ettirgan yagona axborot bazasiga ega boʼlamiz. Bu qimmatli maʼlumotlar esa bizga bugun, ertaga va yaqin kelajakda juda asqatadi.

Zotan, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilayotgan koʼp yillik dasturlar, amalga oshirilayotgan tizimli oʼzgarishlar va belgilab olinayotgan rejalar manzil aniq boʼlsagina, yuqori samara beradi. Demak, mazkur jarayon bilan shu choqqacha eʼtibordan chetda qolib kelgan sohaga chinakam poydevor qoʼyiladi, deyish har jihatdan toʼgʼri boʼladi.

INFOGRАFIKА

Аholini roʼyxatga olishda qanday usullardan foydalaniladi?

- Soʼrov usuli — roʼyxatga olish maxsus anketani toʼldirish, yuzma-yuz suhbat asosida, inspektor tomonidan amalga oshiriladi. Bu Rossiya Federatsiyasi va boshqa MDH mamlakatlarida qoʼllaniladi.

- Oʼzi hisoblash va toʼldirish usuli — maxsus anketa roʼyxatga olinuvchi shaxs tomonidan toʼldiriladi. Shuningdek, bunda bir oilada istiqomat qilayotgan aynan bir nafar shaxs farzandlari yoki yaqinlari uchun toʼldirish mumkin. Roʼyxatga oluvchi inspektor esa anketaning toʼldirilishini nazorat qiladi, xolos. Bu usuldan Yevropadagi bir qator davlatlarda foydalaniladi.

- Аralash (anketali) usul — maxsus anketa roʼyxatga olinuvchilar manziliga pochta yoki internet orqali yuboriladi. Fuqarolar anketani toʼldirib, statistika xizmatiga qayta joʼnatadi. Аnketa kelmagan manzillarga esa masʼullar yuboriladi. Ushbu usul kamxarjligi bilan ajralib turadi. Biroq amalda bu usul kutilgan natijani bermayapti.