Yoshlarni qoʼllab-quvvatlash va faolligini oshirish ustuvor vazifa
Yoshlarni qoʼllab-quvvatlash va faolligini oshirish ustuvor vazifa
Bugun Termiz shahridagi 1-sektor shtabida yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi ishlar natijadorligi va yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, xususan Prezidentimiz tomonidan 2021 yil 27 yanvarь kuni oʼtkazilgan yigʼilishda yoshlarga oid belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish boʼyicha viloyat Ishchi guruhi tomonidan sektor rahbarlari, shahar hokimining oʼrinbosarlari va mutasaddi tashkilotlar rahbarlari bilan uchrashuv oʼtkazildi.
Unda asosan “Yoshlar daftari” va yoshlarni "mahallabay" bandligini taʼminlash, ularni sportga keng jalb qilish hamda "Yoshlar: 1+1" loyihasi asosida ishlarni tizimli olib borilishi muhokama qilinib, yoʼl qoʼyilayotgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish borasida aniq vazifalar belgilab olindi.
Shundan soʼng, xabar berganimizdek Termiz shahar hokimi Isroil Xudoyberdiev, sektorlar rahbarlari bilan birgalikda shahrimizda tashabbuskor va oʼz tadbirkorligini yoʼlga qoʼyish istagida boʼlgan yosh yigit-qizlar bilan ochiq muloqot shaklida “Hokim va yoshlar” uchrashuvini oʼtkazdi.
Oʼtkazilgan “Hokim va yoshlar” uchrashuvida ham yosh avlodning hayotda oʼz oʼrnini topishi uchun munosib sharoit yaratish, ularni har tomonlama qoʼllab-quvvatlash, kasbga yoʼnaltirish va bandligini taʼminlash, tashabbuslarini ragʼbatlantirish, qiziqtirgan masalalar, oʼylantirayotgan muammolarga ijobiy yechim topish choralariga eʼtibor qaratildi.
Eslatib oʼtamiz: Termiz shahri boʼylab "Haftaning har payshanba kuni - yoshlarimizning tashabbus va gʼoyalarini qoʼllab-quvvatlash kuni" etib belgilandi.
Har payshanba kuni soat 14:00 da 1-sektor (Guliston MFY) binosida sektorlar va barcha mutasaddi tashkilot rahbarlari ishtirokida tashabbuslaringiz hamda uning yechimlari boʼyicha taqdimotingiz bilan ishtirok etishingiz mumkin