Termizda vatanparvarlik tadbiri boʻlib oʻtdi
Termizda vatanparvarlik tadbiri boʻlib oʻtdi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoyishi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining tegishli buyrugʻini ijrosini taʼminlash maqsadida Termizda “Xalq va armiya bir tanu bir jon!” shiori ostida vatanparvarlik tadbiri boʻlib oʻtdi.
Termiz shahar madaniyat markazida boshlangan tadbirning rasmiy qismida harbiy xizmatchilar, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Surxondaryo viloyati boʻlimi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi, Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi vakillari oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etdi.
Soʻzga chiqqanlar bugungi globallashuv davrida insonlarning, ayniqsa yoshlarning ongi va ularning kelajagi uchun kurash yanada keskinlashayotganini taʼkidlab oʻtishdi. Shuning uchun ham bugun yoshlarimizdan yanada koʻproq bilim olishni va Vatan rivoji uchun shaxsiy maʼsuliyat hissini oshirishni davrning oʻzi taqozo etayotgani eʼtirof etildi.
Tadbirda harbiy xizmatchilarni dala mashgʻulotlaridan hamda armiya oʻyinlarida erishgan yutuqlari toʻgʻrisidagi videolavhalar namoyish etildi.
Tadbirlarda faol ishtirok etgan bir necha yoshlar Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni oʻrinbosari polkovnik Poʻlatjon Sativaldiyev tomonidan esdalik sovgʻa hamda kitoblar bilan taqdirlandilar.
Tadbirning ikkinchi qismi harbiy qism stadionida faxriy qorovulning koʻrgazmali va qoʻl jangi chiqishlari hamda harbiy qismlarda mavjud zamonaviy qurol-yarogʻlar namoyishiga ulanib ketdi.Oʻquvchi yoshlar harbiy akalari bilan esdalik uchun suratlarga tushdilar.