Mustaqil O‘zbekiston ilk ilk bor o‘z aholisini ro‘yxatdan o‘tkazmoqda. Nega?
Mustaqil O‘zbekiston ilk ilk bor o‘z aholisini ro‘yxatdan o‘tkazmoqda. Nega?
Faqat taxminlarga tayanib ish ko‘rgan odam yutqazadi. Tavakkalchilik, bashoratgo‘ylik ma’lum jabhalardagina zarur. Aniq statistika esa har sohada kerak. Busiz rivojlanish haqida gapirish o‘rinsiz. Ayniqsa, hozirgi tez o‘zgarib borayotgan zamonda!
Bugun biz so‘z yuritmoqchi bo‘lgan mavzu ham bevosita statistikaga daxldor. Ya’ni aholini ro‘yxatga olish haqida.
Xo‘sh, bu amaliyot nima uchun kerak? Nega keyingi bir yilda bu haqda juda ko‘p gapirilyapti? Nima, bizda shu paytgacha aholi ro‘yxatga olinmaganmidi?
Sanamay sakkiz demang!
Tasavvur qiling, xonadoningizda 10 kishi yashaydi. Demak, bozor-o‘char qilishda ular sonini hisobga olasiz. Falon kilo go‘sht, falon litr yog‘, falon kilo un, qanchadir guruch va hokazo... Xonadon bekasi ana shu noz-ne’matlarni pishirib, dasturxonga tortishda ham, tabiiyki, uydagi odamlar sonini inobatga oladi: 10 kosada taom keltiradi. Faqat xonadon a’zolari yoshi, xohishi va ta’bidan kelib chiqqan holda ovqat kimgadir kattaroq kosada, kimgadir kichikroq idishda, kimgadir yog‘sizroq, kimgadir sergo‘shtroq qilib suziladi. Oilangizdagilar uchun kiyim-kechak xarid qilishda ham xuddi shunday yo‘l tutasiz. O‘g‘lingiz yo qizingizni biror to‘garakka bermoqchisiz? Bu o‘rinda uning qiziqishi, qobiliyati, salohiyati, imkoniyatini hisobga olasiz!
Endi savol tug‘iladi: qanday qilib bu borada to‘g‘ri va oqilona qaror qilishga erishyapsiz? Javob aniq: chunki sizda oila a’zolaringizning har biri haqida aniq va to‘liq ma’lumotlar bazasi bor!
Aholini ro‘yxatga olish bilan bog‘liq chora-tadbirlar zururatini ana shunga qiyoslash mumkin. Masalan, Qoraqalpog‘istonda xonadonlar issiq bo‘lishi, odamlar qora qozoni qishin-yozin qaynab turishi uchun necha ming tonna ko‘mir, qancha saksovul, necha ming kub metr gaz gaz kerak? Buxoroda-chi? Xorazmda necha kishi ishsiz? Surxondaryoda yana nechta ta’lim muassasasi qurish lozim? Farg‘onada nechta oila uy-joyga muhtoj? Samarqandda qancha tug‘uruq yoshidagi ayol bor va mavjud tug‘ruqxonalardagi o‘rinlar soni ana shu ko‘rsatkichga mutanosibmi? Sirdaryoda aholi xonadonlari asosan qaysi yillarda qurilgan? Surxondaryoda chiroq o‘chmasligi uchun bir oyda qancha elektr energiyasi ishlab chiqarish zarur? Andijonda nechta oila bitta xonadonda istiqomat qiladi? Toshkent shahrida aslida qancha kishi istiqomat qiladi?...
Ko‘ryapsizmi, aholini ro‘yxatga olish, ya’ni birgina shu amaliyot bilan qanchadan-qancha savollarga javob, qanchadan-qancha muammolarga yechim topish mumkin!
Biroq yuzaki va taxminiy ko‘rsatkichlar bilan uzoqqa borib bo‘lmaydi. Reja va dasturlarning manzilliligi, islohotlarning samaradorligi bu boradagi ma’lumotlarning aniq va ishonchliligiga bog‘liq. Shu bois ham donolarimiz azaldan yetti o‘lchab bir kesmoqni nasihat qilib keladi. Xalq maqoli esa yana ham hikmatli: sanamay, sakkiz demang!
Bu dunyo – hisobli dunyo
Odamlar hisobini yuritish amaliyoti ilk bor miloddan avvalgi
3-ming yillikdan boshlangan. Bu jarayon dastlab Osiyo va Afrika davlatlari, Misr, Mesopotamiya, Hindiston, Xitoy va Yaponiyani qamrab olgan. Bu islohotdan ko‘zlangan maqsad soliq to‘lovchilar va askarlikka yaroqli aholi sonini aniqlash bo‘lgan.
Ilk o‘rta asrlarda mazkur tartibot birmuncha takomillashgan. Aholini hisobga olish elementlari xo‘jaliklarning yozma kitoblar, kadastrlardagi tavsiflari bilan uyg‘unlashgan. Ularda odamlar yoki oilalar emas, balki uy-joy kabi soliqqa tortish birliklari birinchi o‘ringa qo‘yilgan.
Finlyandiyada XVI asrning o‘zidanoq aholi soni ro‘yxatini olib borishni boshlashgan. Davlatning maqsadi birinchi o‘rinda soliqqa tortish va harbiy xizmatga chaqirish bilan bog‘liq bo‘lgan. O‘sha davrda Shvesiya, o‘zining sharqiy qismi bo‘lgan Finlyandiyani qo‘shganda ham aholisi kam, kambag‘al davlat edi. Shu sababli ham yirik yirik ma’muriy apparat va armiyani saqlab turish uchun harbiy xizmatga majbur bo‘lgan va soliqqa tortiladigan aholi va uning mulki to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ega bo‘lish lozim edi.
Aholini ro‘yxatida joylashgan va butun Finlyandiyani o‘z ichiga olgan axborot tarkibi o‘zining keng qamrovli ekanligi bilan ajralib turadi. Axborot bazasi mamlakatning mamlakatning har bir fuqarosi haqidagi aniq va e’tiborga loyiq ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Fuqaro to‘g‘risidagi eng muhim ma’lumot uning ismi va familiyasi, tug‘ilgan joyi va sanasi, hamda fuqaroligidir. Shuningdek, fuqaroning oilaviy ahvoli (turmush o‘rtog‘i, farzandlari va ota-onasi) va yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumot ham muhimdir.
XVIII asr o‘rtalaridan aholini o‘rganishga qiziqish ortadi. Avstriya, Gollandiya, Daniya, Ispaniya, Yaponiya, Amerikada odamlar hisobini yuritishga kirishiladi. Biroq bu hisob-kitoblar butun boshli aholini qamrab ololmagan.
Aholini universal ro‘yxatga olish 1665 yilda Yangi Fransiya (Kvebek) koloniyasida bo‘lib o‘tdi. AQSHda 1790 yilda to‘liq aholini ro‘yxatga olish ishlari olib borildi. O‘shanda o‘n yetti nafar polisiya xodimi mamlakat bo‘ylab sayohat qilib, xonadonma-xonadon yurib, oltita savolga javob to‘plashdi: uy egasining to‘liq nomi, o‘n olti yosh va undan katta yoshdagi ozod oq tanli erkaklar soni, o‘n olti yoshdan kichik bo‘lgan ozod oq tanli erkaklar soni, ozod oq tanli ayollar soni, boshqa ozod shaxslar soni, qullar soni.
O‘ttiz yil o‘tgach, Italiya, Ispaniya, Angliya, Irlandiya, Avstriya, Fransiyada ro‘yxatga olish vaqti keldi. 1851 yilda Xitoyda, keyin Yaponiyada (1871) va nihoyat Rossiyada aholi ro‘yxatga olindi.
Zamonaviy bosqich XX asrning o‘rtalaridan boshlandi. Bir qator Osiyo mamlakatlarida, shuningdek, Afrikada aholini ro‘yxatga olish o‘tkazildi. Bu yangi mustaqil davlatlar paydo bo‘lishi bilan bog‘liq edi. O‘tgan asrning 70-yillarda Yaman, BAA, Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlarda birinchi marotaba aholini ro‘yxatga olish o‘tkazildi. XX asrning oxiriga kelib, aholini ro‘yxatga olish dunyoning deyarli barcha hududini qamrab oldi.
Bugungi muammolarni yechish uchun 30 yil oldingi faktlar yaroqsiz!
Mazkur jarayon uch bosqichni qamrab oladi. Birinchisi – tayyorgarlik bosqichi. Bu uch yilga yaqin vaqt davom etadi.
Tayyorgarlik jarayonidagi eng muhim masala, aholini ro‘yxatga olish jarayonlarida faol ishtirok etishi bo‘yicha aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini olib borish, reklama roliklari, logotip va shiorlar ishlab chiqish hamda aholini ro‘yxatga olish bilan bog‘liq hujjatlar, jumladan, ro‘yxatga olish varaqalari, ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazish, uning natijalarini olish va e’lon qilish metodologiyasini ishlab chiqish hamda boshqa shu kabi tadbirlar amalga oshiriladi.
Ikkinchisi – asosiy bosqich. Bunda bevosita aholini ro‘yxatga olish amalga oshiriladi, ya’ni aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yig‘iladi, nazorat tekshiruvi o‘tkaziladi va ro‘yxatga olish materiallari topshiriladi. Mazkur jarayon taxminan ikki oy davom etadi.
Mamlakatimizda 2023 yilda o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olish tadbiri an’anaviy usulda, ya’ni ro‘yxatga oluvchi shaxslar tomonidan hududlarda uyma-uy yurgan holda, yuzma-yuz suhbat asosida, qog‘oz shaklidagi ro‘yxatga olish varaqalarini to‘ldirish orqali amalga oshiriladi.
Qariyb uch yil cho‘ziladigan so‘nggi bosqichda esa olingan ma’lumotlar kodlashtirish yordamida tahlil etilib, natijalar rasman e’lon qilinadi. Ro‘yxatga olish jarayonida to‘planadigan statistik ma’lumotlar yagona elektron axborotlar tizimiga kiritiladi.
Ro‘yxatga oluvchilarni tanlash masalasi ham nihoyatda dolzarb. Chunki ma’lumotlarning to‘g‘riligiga ular bevosita mas’ul. Bu jarayonga jalb etiladigan xodimlar turli yoshda va har xil kasb egalari bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay, tadbirga, birinchi navbatda, Davlat statistika qo‘mitasi va uning viloyat, shahar va tuman bo‘limlari xodimlari, statistika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar, magistrlar, shuningdek, tayanch doktorantlar jalb etilishi maqsadga muvofiq.
Aholini ro‘yxatga oluvchilar uchun uslubiy qo‘llanmalar va video darsliklar ishlab chiqiladi hamda qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etiladi. Zarur hollarda, ularga qo‘shimcha maslahatlar beriladi.
Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga hamda ma’lumotlarni qayta ishlashga jalb etilgan xodimlarning mehnatiga haq to‘lash maxsus ishlab chiqilgan va tasdiqlangan normativlar asosida amalga oshiriladi. Jarayonni davlat byudjeti mablag‘lari va qonun bilan ta’qiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan moliyalashtirish ko‘zda tutilgan.
Amaldagi me’yoriy hujjatlarga binoan, yakuniy ma’lumotlar uch tilda (o‘zbek, rus va ingliz tillarida) e’lon qilinishi belgilangan.
Chora-tadbirlar dasturiga asosan 2025 yil 1 dekabriga qadar aholini ro‘yxatga olish natijalari rasman chop etiladi va e’lon qilinadi hamda aholini ro‘yxatga olishning dastlabki va yakuniy ma’lumotlari arxivda saqlash uchun tayyorlanadi.
Mamlakatimiz mukammal kadastr xaritasiga ega bo‘ladi
Aholini ro‘yxatga olish yana bir jihati bilan muhim. Uning yakuniga yetkazilishi hududlarni xaritalash, aholi punktlaridagi uylar ro‘yxatini tuzish imkonini beradi. Yana ham aniqroq aytganda, turar va noturar joylarning aniq soni, holati, foydalanilmay yotgan yoki muddatini o‘tab bo‘lgan binolarni belgilab olish bilan tegishli hududlarda uy-joy, sanoat ob’yektlarni qurish va ta’mirlash masalalariga oydinlik kiritish mumkin bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, respublikaning yangi mukammal kadastr xaritasi yaratiladi.
Amaliy ishlar qaysi bosqichda?
Maqsad aniq, rejalar qat’iy. Amaliy ishlarga esa allaqachon kirishilgan. Xususan, Prezidentimiz Farmoni asosida Aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish Konsepsiyasi tasdiqlandi.
Mazkur Konsepsiya asosida O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasining “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi ishlab chiqilib, keng muhokama va huquqiy ekspertizalardan so‘ng 2020 yil 16 mart kuni qabul qilindi.
Qonun 5 bob, 31 moddadan iborat bo‘lib, unda qonunning maqsadi, asosiy tushunchalar, aholini ro‘yxatga olishning vazifalari va prinsiplari yoritib berilgan. Asosiy prinsiplardan biri sifatida davriylik prinsipi, ya’ni aholini ro‘yxatga olish o‘n yilda kamida bir marta o‘tkazilishi hamda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinishi belgilab qo‘yilgan.
Yana bir muhim prinsiplardan biri, bu shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligi bo‘lib, bunda aholini ro‘yxatga olish jarayonida yig‘ilgan shaxsga doir ma’lumotlar maxfiy hisoblanishi, ular respondentning roziligisiz oshkor etilmasligi va tarqatil-masligi qat’iy belgilab qo‘yilgan.
Qonunda respondent tushunchasiga ham aniqlik kiritib ketilgan, ya’ni respondentlar – aholini ro‘yxatga olish sanasida O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hisoblanadi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, lekin aholini ro‘yxatga olish sanasida uning hududidan tashqarida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ham respondent hisoblanishi yoritib o‘tilgan.
Shuningdek, Qonunda, aholini ro‘yxatga olishni tartibga solish sohasida davlat boshqaruvi, maxsus vakolatli davlat organi, ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha Respublika komissiyasi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari, aholini ro‘yxatga olishda ishtirok etuvchi respondentlar va ro‘yxatga oluvchi shaxslarning huquq va majburiyatlari, aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish tartibi, tadbirlarni moliyaviy ta’minlash asoslari belgilab berilgan.
Ayni paytda Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati, aholini ro‘yxatga olishning ahamiyatini tushuntirish bo‘yicha axborot-targ‘ibot ishlari ham izchil davom ettirilyapti. Shuningdek, aholini ro‘yxatga olish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan normativ-huquqiy va ilmiy-uslubiy hujjatlar ishlab chiqilmoqda.
Ilg‘or mamlakatlar hamkorlik qilishga tayyor
O‘tgan yili BMT Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi Davlat statistika qo‘mitasining aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish bo‘yicha imkoniyatlarini ijobiy baholadi. Shundan so‘ng bu sohaga doir ko‘plab anjuman va uchrashuvlar o‘tkazildi. Chet el tajribasi o‘rganildi.
Jumladan, 2019 yilning 19-21 avgust kunlari Davlat statistika qo‘mitasi vakillari, vazirlik va idoralar hamda xalqaro ekspertlar ishtirokida Chexiya Respublikasida aholini ro‘yxatga olish masalalari muhokama qilindi. 25 sentyabr kuni qo‘mitamiz YUNFPA, USAID, Jahon Banki, BMTning Bolalar fondi vakillari, Rossiya Federasiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari va tegishli vazirliklar ishtirokida “O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik, texnik va moliyaviy yordam yo‘nalishlari” mavzuidagi donorlik uchrashuviga mezbonlik qildi. Uchrashuvda mamlakatimizda o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlarida uslubiy va texnik yordam ko‘rsatish hamda tajriba almashish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
26 noyabrda BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan YUNFPA, Davlat statistika qo‘mitasi va qator vazirlik, tashkilotlar ishtirokidagi xalqaro seminarda O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlikning hozirgi holati, muvofiqlashtiruvchi guruh uchun texnik hamkorlik loyihasini muhokama qilish va tasdiqlash kabi masalalar ko‘rib chiqildi. Davlat statistika qo‘mitasi mutaxassislari va Belarus Milliy statistika qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i T. V. Babuk ishtirokida tadbir ham qizg‘in kechdi.
27-28 noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan xalqaro seminarda MDHga a’zo davlatlar milliy statistika idoralarining aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha mutaxassislari, MDHning Statistika qo‘mitasi rahbarlari, YUNFPA vakillari, BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi va boshqa xalqaro tashkilot vakillari 2019 yilning oktyabr oyida Ozarbayjon va Belarus davlatlarida o‘tkazilgan aholini ro‘yxatga olishning dastlabki natijalari, MDHga a’zo boshqa davlatlarda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlari kabi mavzularda fikr almashishdi.
2 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasida o‘tkazilgan uchrashuvda Yevropa Ittifoqi delegasiyasi maslahatchisi, hamkorlik rahbari – F. Bejo O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish ishlarida faol ishtirok etish va hamkorlik qilish istagini bildirdi.
9-13 dekabr kunlari Minsk shahrida aholini ro‘yxatga olish sohasida Belarus Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi, joriy yil 27-31 yanvar kunlari esa Boku shahrida Ozarbayjon Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi tajribasini o‘rganildi. Asosiy e’tibor mazkur davlatlarda 2019 yilda bo‘lib o‘tgan aholini ro‘yxatga olishning natijalari, jarayonlardagi muammo va kamchiliklarni o‘rganishga qaratildi. Shuningdek, aholini ro‘yxatga olish dasturi va savolnomalarini ishlab chiqish, sinov tariqasidagi aholini ro‘yxatga olish tartibi, ma’lumotlarni yig‘ish va qayta ishlash bo‘yicha elektron dastur yaratish bo‘yicha tajribalari o‘rganildi.
Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.
* * *
Oldinda qilinadigan ishlar ko‘p. Ularni muvaffaqiyatli bajarish suv va havodek zarur. Negaki, bu orqali O‘zbekistonning har bir manzili, hatto chekka va olis mahallayu ko‘chalarigacha aloqador barcha ma’lumotlarni o‘zida aks ettirgan yagona ma’lumotlar bazasiga ega bo‘lamiz. Bu qimmatli ma’lumotlar esa ertangi kunimiz farovonligiga xizmat qilishi, shubhasiz.