Yoshlar kelajagi uchun barchamiz masʼulmiz!
Аssalomu alaykum hurmatli ota-onalar!
Аvvalambor, sizlarni aziz farzandingiz oʼrta taʼlim maskanini bitirib, yorugʼ orzu-umidlar bilan katta hayot ostonasiga qadam qoʼyayotgani bilan chin dildan tabriklayman.
Bugun yurtimizda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev tashabbusi va topshiriqlari bilan yoshlarimizni chuqur bilim va malakaga ega boʼlgan, yetuk va barkamol shaxs etib tarbiyalashga davlat siyosati darajasida alohida eʼtibor qaratilmoqda. Аna shunday ezgu maqsad yoʼlida taʼlim tizimining barcha boʼgʼinlarida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Sizning jondan aziz oʼgʼil-qizlaringiz ham oʼzining ezgu orzu-maqsadlariga erishib, jamiyatda munosib oʼrin topishiga ishonchimiz komil, albatta. Bu yoʼlda ularni har tomonlama qoʼllab-quvvatlash barchamizning muqaddas burchimiz hisoblanadi.
Аgar farzandingiz oliy oʼquv yurtida taʼlim olishni maqsad qilib, talabalik baxtiga muyassar boʼlsa, uning yuqori malakali mutaxassis boʼlib yetishi uchun davlatimiz tomonidan barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan.
Oliy oʼquv yurtlariga hujjat topshirmagan yoki test sinovlarida yetarli ball toʼplay olmagan yoshlarimizni ish bilan taʼminlash kafolatini shaxsan men hudud rahbari sifatida oʼz zimmamga olaman. Shu maqsadda maxsus “Yoshlar daftari” asosida har bir yoshning mehnat faoliyatini nazoratimga olaman.
Shu bilan birga, farzandlarimizning xohish va istaklariga qarab, ularning professional taʼlim muassasalarida talab yuqori boʼlgan kasb va mutaxassisliklarga ega boʼlishlari uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etamiz.
Аgar farzandingiz xorijiy mamlakatlarda ishlash niyatida boʼlsa, davlatimiz tomonidan Mudofaa vazirligi tizimida yoʼlga qoʼyilayotgan yangi tartibga koʼra, ular uchun qisqa muddatlarda zamonaviy kasb-hunar egallash va xorijiy tillarni oʼrganish imkoniyati yaratiladi.
Bundan koʼzlangan asosiy maqsad – fuqarolarimizni chet davlatlardagi kompaniyalarga maxsus tayorlovdan oʼtgan va markazlashgan holda ishga yuborish, ularning oʼz mehnatiga yarasha munosib haq olishi hamda haq-huquqlarini taʼminlashdan iboratdir.
Xorijda halol mehnat qilib, daromad orttirgan yosh mutaxassislarimiz va ularning oilalariga shahrimizda imtiyozli ipoteka kreditlari asosida zamonaviy uy-joylar qurib beriladi.
Аziz ota-onalar!
Sizlarni jonajon Oʼzbekistonimiz taraqqiyotiga hissa qoʼshadigan sogʼlom va bilimli farzandni tarbiyalab kamolga yetkazganingiz bilan tabriklab, oʼgʼil-qizlarimizning jamiyatda mustahkam oʼrin egallashi uchun mahalliy ijro organi rahbari sifatida men ham masʼul va javobgar ekanimni yana bir bor taʼkidlayman.
Sizlarni ishontirib aytamanki, yoshlarimizning bilim olishi, ularni kasb-hunarga oʼrgatish, ishga joylashtirish va uy-joy bilan taʼminlash hamda oʼz bizneslarini yoʼlga qoʼyishi borasida birgalikda harakat qilib, bamaslahat ish olib boramiz.
Shu tariqa kelajagamiz egalari boʼlgan yoshlarimizni, ularning hurmatli ota-onalarini rozi qilgan boʼlamiz.
Аna shu ezgu maqsad yoʼlida barchangizni hamkorlikka chaqiraman.
Eʼtiboringiz uchun rahmat!