Yerga oid munosabatlardagi huquqiy asoslarning mamlakat rivojidagi ahamiyati

Demak, yerdan oqilona foydalanish, asrab avaylash, uni ifloslantirmasdan yaroqli holatda kelajak avlodlarga qoldirish insoniyatning burchi hisoblanadi.
Jamiyatda yer iqtisodiy resurs – mulk sifatida ishlab chiqarish maydoni, qazilma boylik manbai, ayrboshlash, sotish, garovga qo‘yish, ijaraga olish, vaqtincha foydalanish, hadya qilish, meros qoldirish, boylik to‘plash vositasi sifatida foydalaniladi. Biroq, yer maydoni kengaymaydigan, ko‘paymaydigan va ma’lum bir chegara bilan cheklangan resurs hamdir.
Yer umummilliy boylik hisoblanib, O‘zbekiston Respublikasi xalqining hayoti, faoliyati va farovonligining asosi sifatida davlat tomonidan muhofaza qilinadi. Bu me’yor Konstitutsiyamizning 68-moddasida mustahkamlangan.
Oxirgi davrda ham yerdan samarali foydalanish, uni himoyalash va huquqbuzarlarga nisbatan tegishli choralar belgilash bo‘yicha sezilarli ijobiy o‘zgarishlar bo‘lmoqda.
Jumladan, keyingi davrda mamlakatimizda yerga oid munosabatlarda tenglik va shaffoflikni, yer resurslaridan oqilona va maqsadli foydalanilishini ta’minlashga hamda yer uchastkalari o‘zboshimchalik bilan egallab olinishining oldini olishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga yerga oid huquqiy munosabatlarda barqarorlikni ta’minlash, yerlarni muhofaza qilish, yer egalarining mulkiy huquqlari himoyasi kafolatlarini kuchaytirish hamda mazkur sohadagi huquqbuzarliklarning o‘z vaqtida oldini olish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 15 noyabrdagi O‘RQ-997-sonli Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga, Jinoyat-protsessual kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yerdan foydalanish haqidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi yangi 232-bob – “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan, davlat mulkida bo‘lgan yer uchastkasini qaytarish, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratni buzib tashlash to‘g‘risidagi ishlarni yuritishning o‘ziga xos xususiyatlari” bilan to‘ldirildi.