Termiz shahrida “Oilaviy bolalar uyi”ning ochilish marosimi oʼtkazildi
Termiz shahrida “Oilaviy bolalar uyi”ning ochilish marosimi oʼtkazildi
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan jamiyatimizdagi yetim bolalar va ota-ona qaramogʼidan mahrum boʼlgan bolalarni tarbiyalashni tubdan yangilangan tizimini joriy etish, ularni barkamol avlod sifatida shakllanishi hamda ijtimoiy moslashuvini taʼminlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, yetim bolalar va ota-ona qaramogʼidan mahrum boʼlgan bolalarni qoʼllab-quvvatlash maqsadida 2021-yil 9-avgust kuni “Yetim bolalar va ota-ona qaramogʼidan mahrum boʼlgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi 5215-sonli qaror qabul qilindi. Mazkur qaror ijrosi yuzasidan mamlakatimizning barcha hududlarida amaliy ishlar boshlab yuborildi.
Xususan, Termiz shahridagi 12-sonli “Mehribonlik uyi”da 52 nafar bolalar tarbiyalanib kelayotgan edi. Bugungi kunga kelib, 26 nafar bolalar oilaviy bolalar uyi, oila va yaqin qarindoshlariga qaramogʼiga qaytarildi. Bugun ham yuksak insonparvarlikning yorqin namunasi sifatida Аmanova Barno hamda Umid Gairovlar oilasi Termiz shahridagi 12-sonli “Mehribonlik uyi”dan 6 nafar (Borisov Pavel Pavlovich, Karimov Islom Shuhrat oʼgʼli, Shilovskiy Аlbert Nikolaevich, Roʼziev Toʼlqinbek Erkinovich, Shilovskaya Evelina Nikolaevna, Yesenkin Аzizbek Jumaevich) bolalarni oʼz tarbiyasiga olib, shahrimizdagi birinchi “Oilaviy bolalar uyi”ni tashkil etdi. Mazkur “Oilaviy bolalar uyi”da davlat tomonidan moliyalashgan 2 ta shtat berildi. Bundan tashqari, har bir bolaning oyma-oy oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa harajatlar ham davlat tomonidan toʼliq qoplab beriladi.
Аlbatta mehrga muhtoj bolalarning boshini silash, unga mehr-oqibat koʼrsatish xalqimizga xos yuksak insoniy fazilatlardan sanaladi.
Bir bolaga yetti mahalla – ota-ona, degan gap ham bejiz aytilmagan. Shu yurtda, jamiyatda yashayotgan har bir bolaning, u kimning zurriyodi boʼlishidan qatʼiy nazar, kelajagiga befarq boʼlmay, unga mehr-eʼtibor koʼrsatsak, nafaqat ularni turli yot gʼoyalarlar taʼsiridan asragan boʼlamiz, balki yosh avlod oldidagi insoniy burchimizni ham ado etgan boʼlamiz.
Qolaversa, davlatimiz rahbari taʼkidlaganlaridek, farzandlarimizga qilgan har bir yaxshiligimiz oʼn yaxshilik boʼlib qaytadi!!!