TerDUda press-tur va matbuot anjumani o‘tkazildi
Press-tur davomida 30 nafardan ortiq jurnalist va blogerlar yangi barpo etilgan binolarda ilmiy tadqiqotchilar, magistrantlar va talabalar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.
Viloyatda yetmish yillik tarixga ega Termiz davlat universitetida 13 ta fakultet, 44 ta kafedra mavjud bo‘lib, ularda 700 dan ortiq professor-o‘qituvchi 20 mingdan ziyod talabaga ta’lim bermoqda. Pedagoglarning 250 dan ortig‘i ilmiy darajaga ega.
Matbuot anjumanida TerDU rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Abduqodir Toshqulov hamda sohalar bo‘yicha prorektorlar ishtirokchilarni qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob berishdi.
Ta’kidlanganidek, 2024-2025 o‘quv yili uchun bakalavriat, magistratura, ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim mutaxassisliklariga jami 4204 nafar qabul kvotasi rejalashtirilgan. Joriy o‘quv yili uchun bakalavriatga 19 ta yangi ta’lim yo‘nalishi qo‘shilgan.
Tadbir davomida universitetda ilm-fan, innovatsiya va texnologiyalar yutuqlari asosida sifatli ta’lim jarayonini tashkil qilish, pedagog xodimlarining mehnat samaradorligini belgilovchi KPI tizimining afzalliklari, talabalarni yotoqxona va ijara xonadonlarga joylashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.