Korrupsiyaga qarshi kurashish muhim vazifa

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2024 yil 21 iyun kuni “Aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-228-sonli qarorni imzoladi. Bu qorrupsiyaga qarshi kurash yo‘nalishidagi yana bir huquqiy hujjat bo‘ldi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning huquqiy va institutsional asoslari takomillashtirilib, jamiyatda korrupsiya illatiga nisbatan murosasiz muhitni shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.
Jumladan, davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy mexanizmlari keng joriy etilib, ularning faoliyatida ochiqlikni ta’minlash va jamoatchilik oldida hisobdorlikni oshirish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rildi.
Shu bilan birga, aholi va davlat xizmatchilarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, ularga «halollik vaksinasi»ni singdirish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish tizimini zamon talablaridan kelib chiqqan holda yangi bosqichga olib chiqish zarurati yuzaga kelmoqda.
Aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini oshirish maqsadida:
- O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Bosh prokuraturasining aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirishga qaratilgan «Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi» elektron platformasini 2025 yil 1 yanvardan joriy etish haqidagi taklifi ma’qullangan.
Bu boradagi ustuvor yo‘nalishlari etib aholi va davlat xizmatchilarining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan huquqiy immunitetni shakllantirish, yosh avlod ongiga halollik qadriyatlarini singdirish, korrupsiyaga qarshi kurashishga mas’ul hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlar yuqori bo‘lgan davlat xizmati lavozimlaridagi xodimlarning bilim, ko‘nikma va malakalarini doimiy ravishda oshirib borish, davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini baholash va sertifikatlash hamda sertifikat olgan davlat xizmatchilarining reyestrini yuritish, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi milliy va xorijiy tajriba, ilmiy, uslubiy va amaliy ishlanmalar, erishilgan yutuqlar bo‘yicha elektron ma’lumotlar bazasini yuritish, korrupsiyaga qarshi kurashishning dolzarb muammolari yuzasidan ilmiy-tadqiqot dasturlari va loyihalarini, shu jumladan, milliy, xorijiy va xalqaro grantlarni jalb qilgan holda amalga oshirish belgilandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv dasturlari:
aholi, tadbirkorlik subyektlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari vakillari;
ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari, o‘quvchilari va talabalari;
davlat organlari va tashkilotlarining davlat xizmatchilari;
davlat ishtirokidagi korxonalarning xodimlari orasida olib boriladi.
Davlat organlari va tashkilotlari muntazam ravishda o‘z xodimlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida malakasini oshirib borishlarini ta’minlashi belgilangan bo‘lsa, davlat ishtirokidagi korxonalarga bunday choralarni ko‘rib borish tavsiya etilgan.
Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlarni tizimli va samarali tashkil etish maqsadida vazifalar ko‘rsatilgan:
Agentlik tomonidan oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan tavsiyaviy yillik ilmiy-tadqiqot mavzularini shakllantirish;
barcha oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlar natijalarini Agentlikka taqdim etish;
Akademiya tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida erishilgan yutuqlar, milliy va xorijiy tajriba, ilmiy, uslubiy va amaliy ishlanmalar hamda ilmiy-tadqiqot ishlari bo‘yicha elektron ma’lumotlar bazasini mualliflik huquqlariga rioya qilgan holda yuritish tartibi joriy etish.
Agentlik va Akademiya sohadagi ilmiy tadqiqotlarni maqsadli va sifatli amalga oshirish, natijalarini ommalashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashiga muntazam ravishda takliflar kiritib borish.

Denov tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi T.Sh.Alimardonov