Bugun Termiz shahridagi "Surxon arena" sport majmuasida qo‘l jangi bo‘yicha O‘zbekiston kubogi musobaqasining final bahslariga start berildi.
Musobaqaning final bosqichi ochilish marosimida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, sportchilarga omadlar tiladi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlarining Qo‘l jangi federatsiyasi raisi o‘rinbosari, Osiyo qo‘l jangi federatsiyasi prezidenti Baxtiyor Mirzaqulov Surxondaryoda qo‘l jangi sport turini rivojlantirishdagi hissasi uchun viloyat hokimi hamda Milliy gvardiya va DXX viloyat boshqarmasi boshliqlari, shuningdek, Termiz shahar hokimiga tashakkurnomalarni tantanali topshirdi.
Bugungi final bahslarida 18-23 yoshlilar o‘rtasida 8 ta vazn toifasida g‘oliblar aniqlandi. Final musobaqalari ertaga ham davom etadi hamda yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida g‘oliblar aniqlanadi. Gʻoliblarni taqdirlash marosimi ham ertaga o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, mazkur musobaqa g‘oliblari joriy yilda Buxoro shahrida bo‘lib o‘tadigan Qo‘l jangi bo‘yicha Jahon chempionati musobaqalarida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritishadi.