Oʼzbekistonda aholini roʼyxatga olish 2025—2026 yillarga rejalashtirilmoqda
Oʼzbekistonda aholini roʼyxatga olish ishlarini 2025—2026 yillarda amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda rasmiy statistika soqasida islohotlarni chuqurlashtirish va tizim faoliyatini transformatsiya qilish boʼyicha prezident qarori bilan tasdiqlangan “yoʼl xaritasi”da belgilangan.
Unga koʼra, Statistika agentligi 2024 yilda Oʼzbekistonda aholini roʼyxatga olishni oʼtkazishga tayyorgarlik koʼrish ishlarini tizimli davom ettiradi. Xususan, aholini roʼyxatga olishni aholining keng ommasiga tushuntirish boʼyicha targʼibot-tashviqot ishlarida foydalanish uchun videorolik, banner, flaer va bukletlar tayyorlaydi. 2021 yilda oʼtkazilgan sinov natijalari va xalqaro ekspertlar tavsiyalari asosida aholini roʼyxatga olish savolnomalari shakllarini takomillashtiradi.
Аgentlik, shuningdek, xalqaro tajriba va ekspertlarning tavsiyalari asosida “Аholini roʼyxatga olish” axborot tizimini takomillashtiradi. STАTА amaliy dasturiy paketi litsenziyasini xarid qilib, unda roʼyxatga olish natijalarining chiquvchi jadvallari namunalarini shakllantirishi lozim.
Аholini roʼyxatga olishning oʼzi 2025—2026 yillarda oʼtkazilishi, natijalari 2026—2027 yillarda tayyorlanishi va eʼlon qilinishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, agentlik qishloq xoʼjaligi sohasida roʼyxatdan oʼtkazishni tashkil etishi belgilangan. 2027—2028 yillarda Oʼzbekistonda qishloq xoʼjaligi sohasida roʼyxatdan oʼtkazish ishlarini amalga oshirish yuzasidan normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash rejalashtirilgan.
Prezidentning 2019 yil 5 fevraldagi farmoniga muvofiq, respublikada aholini roʼyxatga olish tadbirini 2022 yilda oʼtkazish belgilangan edi. 2020 yil 16 martda “Аholini roʼyxatga olish toʼgʼrisida”gi qonun qabul qilindi. 2020 yilda boshlangan koronavirus pandemiyasi sababli ushbu tadbirni oʼtkazish 2023 yilga koʼchirilgandi. Аmmo 2023 yilda ham Oʼzbekistonda aholini roʼyxatga olish yana kechiktirildi.
Shavkat Mirziyoev Oʼzbekistonda mustaqillik yillarida mamlakatda aholini roʼyxatga olish oʼtkazilmaganini aytgandi.
Termiz shaxar Statistika bulimi xodim А. Qodirov