O‘zbekiston hamda Rossiya hududlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, kengaytirish hamda yangi bosqichda davom ettirish maqsadida ikki davlat hududlari rahbarlarining uchrashuvlari va muzokaralari o‘tkazilmoqda.
Xususan, bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasi gubernatori Mixail Kotyukov hamda Novosibirsk viloyati rahbari Andrey Travnikov boshchiligidagi delegatsiyalar bilan hududlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
Ma’lumot uchun, Surxondaryo viloyati Rossiya Federatsiyasining Novosibirsk, Ivanovo, Chelyabinsk viloyatlari, Krasnoyarsk o‘lkasi va Tatariston Respublikasi bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan bo‘lib, Surxondaryo viloyati hokimligi va Tatariston Respublikasi hukumati o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy, qishloq xo‘jaligi, yoshlar va boshqa sohalarda hamkorlik to‘g‘risida Bitim imzolangan.