“Boysun bahori” xalqaro folklor festivalining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

Tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, faollar, keng jamoatchilik vakillari, 19 ta davlat va 2 ta xalqaro tashkilot delegatsiyalari, folklor jamoalar hamda 11 ta xorijiy va ellikdan ortiq mahalliy ommaviy axborot vositalari, internet nashrlarining muxbirlari ishtirok etdi.

Konsert dasturida O‘zbekiston xalq artistlari Farrux Zokirov, Mardon Mavlonov, Mahmud Namozov, Og‘abek Sobirov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Hosila Rahimova, Sayyora Qoziyeva, Alisher Fayz kabi elimiz suygan san’atkorlar, Xalq baxshilari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan tashrif buyurgan folklor jamoalar o‘z chiqishlarini namoyish etishdi.

Milliy kuy-qo‘shiqlar, termalar, lapar va folklor jamoalarning chiqishlari, teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari tadbir ishtirokchilari, jumladan, xorijlik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Tantanali konsert dasturi dronlar shousi hamda mushakbozlik tomoshalari bilan yakunlandi.

Eslatib o‘tamiz, “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali tadbirlari joriy yil 7-may kuniga qadar davom etadi.