Jasorat maktabi
Davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda armiya bilan birgalikda harbiy-maʼmuriy sektorlar ham oldingi qatorlarda boʻlishi va bu borada harbiy okruglar bilan hamkorlikda yosh vatanparvarlar yigʻinini izchil davom ettirish vazifasini belgilab bergan edi.
Ushbu vazifa ijrosini taʼminlash maqsadida Surxondaryo viloyati hokimligi hamda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondonligi bilan hamkorlikda “Termiz” umumqoʻshin dala poligonida joylashgan harbiy qismda surxondaryolik 100 nafar yoshlar uchun “Jasorat maktabi” oʻquv yigʻini o‘tkazildi.
Oʻn kun davom etgan yigʻinda 100 nafar yoshlar guruhlarga ajratilib, ular 6 ta yo‘nalish boʻyicha kasb-hunar oʻrgatildi, jangovar, maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik, IT-texnologiyalari va tadbirkorlik yoʻnalishi boʻyicha mashgʻulotlarga jalb qilindi. Shuningdek, yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etish maqsadida turli sport musobaqalari tashkil etildi.
Ushbu mavsumning tantanali yopilish marosimida yig‘inda faol ishtirok etgan yoshlarga tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.