“Yoshlar daftari“-qiyin, maʼsulyatli, lekin eng kerakli ishdir.
Davlatimiz rahbari tomonidan berilgan topshiriqqa asosan Surxondaryo viloyatida yoshlarni manzilli qo‘llab-quvvatlash ishlari davom etmoqda. Bugun Termiz tumanidagi “Marvarid” dam olish maskanida “qizil” toifaga kiritilgan va “Yoshlar daftari”da turgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida navbatdagi tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, “Yoshlar daftari”da turgan Termiz shahri va Termiz tumanidagi 312 nafar yoshga 1 mlrd so‘mlik, jumladan, 107 nafariga o‘zini o‘zi band qilishi uchun jihoz, asbob-uskuna va dastgohlar hamda 205 nafariga o‘qish, ilm fan bilan shug‘ullanish hamda safarbarlik chaqiruvi rezervi xarajatlarini qoplash uchun moddiy yordam sertifikatlarini topshirdi.
Shuningdek, viloyat, shahar va tuman tashkilotlari tomonidan o‘zlariga biriktirilgan “qizil” toifadagi yoshlarning 36 nafariga turli jihozlar topshirildi.
To‘kin dasturxon atrofida bayramona o‘tkazilgan tadbirda san’atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar yoshlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Ma’lumot uchun, shu kunga qadar viloyatda “qizil” toifaga kiritilgan 19 555 nafar yoshlarning 17 937 nafari yoki 91,7 foiziga, shuningdek, “Yoshlar daftari”dagi 24 063 nafar yoshlarning 16 620 nafariga turli ko‘rinish va yo‘nalishdagi amaliy yordamlar ko‘rsatildi.