PRESS-TUR O‘TKAZILDI
Surxondaryo viloyatidagi avtomobil yoʻllari tarmogʻining umumiy uzunligi 16 ming 175 km boʻlib, shundan 2 ming 843 km, yaʼni, 18 foizi Avtomobil yoʻllari boshqarmasi tasarrufidagi yoʻllar hisoblanadi. Mazkur yoʻllarning 351 kilometri xalqaro ahamiyatdagi, 990 kilometri davlat ahamiyatidagi va 1 ming 502 kilometri mahalliy ahamiyatidagi yoʻllardir. Umumiy yoʻllarning 13 ming 327 km, yaʼni 82 foizini ichki yoʻllar, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar koʻchalari tashkil etadi.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarida joriy yilning 9 oyi davomida 298 dona yangi yoʻl belgilari oʻrnatildi, 1 901 dona yaroqsiz holga kelgan yoʻl belgilari yangisiga almashtirildi, 40 ta yoʻnalishlarda dastlabki, yoʻnaltiruvchi va masofa koʻrsatuvchi yoʻl koʻrsatkichlari oʻrnatildi, shuningdek, 700 kvadrat metr yoʻl yotiq chiziqlari chizilib, yangilandi.
Avtomobil yoʻllari texnik holati tahlili va harakat xavfsizligi markazining viloyat hududidagi mutaxassislari tomonidan bu boradagi ishlar davom ettirilib, yangidan qurilayotgan yoʻllarning sifati nazorat qilib borilmoqda.
Xususan, kuni-kecha jurnalist va blogerlar uchun tashkil etilgan press-tur davomida 4R-105 “Darband–Boysun–Elbayon” avtomobil yoʻlining 5-70 km va 4R-100 “Manguzar–Jarqoʻrgʻon–Bandixon–Oltinsoy–Denov” avtomobil yoʻlining 126-174 km qismini rekonstruksiya qilish loyihasi bazasiga qilingan tashrifda jahon standarti talablariga toʻla mos keluvchi yoʻl qurilishi sifatini nazorat qilishda qoʻllaniladigan texnik asbob-uskunalar hamda sinov-nazorat laboratoriyasi faoliyati bilan ham tanishildi.