9 nafar mahkum jazo oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi

Sayyor sud majlisida Probatsiya guruhi hisobida turib, mehnatga halol munosabatda boʻlib, tuzalish yoʻliga oʻtgan hamda oʻrnatilgan tartib-qoidalariga qatʼiy rioya qilgan 9 nafar mahkum jazo oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, shuningdek bir nafar mahkumga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 481-moddasi 6-qismiga asosan tayinlangan ozodlikni cheklash jazosi ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo bilan almashtirildi.

Sud-huquq sohasida konstitutsiyaviy talablar asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar tufayli aholining huquq va manfaatlari toʻla taʼminlanmoqda.

Zero, ushbu islohotlardan koʻzlangan asosiy maqsad shu muqaddas zaminda yashayotgan har bir insonni rozi qilish, ularning ezgu orzularini roʻyobga chiqarish, pirovardida insonparvarlik tamoyillariga asoslangan demokratik jamiyatni barpo etishdan iboratdir.

2023 yil 27 iyul kuni Muzrabot tumani 10-sonli musiqa va sanʼat maktabi binosida oʻtkazilgan sayyor sud majlisida jinoyat ishlari boʻyicha Muzrabot tuman sudi raisi I.Shaymanovning raisligida Muzrabot tuman IIB Probatsiya guruhida jazo oʻtab turgan uch nafar mahkumlarni axloq tuzatish ishlari jazosidan, olti nafar mahkum muayyan huquqdan mahrum qilish jazosini oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish, bir nafar mahkumga nisbatan ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni oʻtashdan qasddan boʻyin tovlagani, sud tomonidan oʻz zimmasiga yuklangan majburiyatlarni bajarmagani uchun boshqa jazo turiga almashtirish yuzasidan kiritilgan taqdimnomalar koʻrib chiqildi.

Sud, ish hujjatlarini atroflicha oʻrganib chiqib, insonparvarlik tamoyiliga tayanib, Muzrabot tuman Ichki ishlar boʻlimi Probatsiya guruhi hisobida turib, mehnatga halol munosabatda boʻlib, oʻrnatilgan tartib qoidalariga rioya qilgan, oʻzining hulqini ijobiy tomonga oʻzgartirgan, jazoni oʻtash davrida intizomiy jazoga tortilmagan, sodir etgan jinoyatining oqibatlarini toʻla anglab yetib, tuzalish yoʻliga oʻtganligi, bundan oʻzlariga tegishli xulosa chiqarganligi inobatga olinib, insonparvarlik tamoyili asosida jami toʻqqiz nafar mahkumlarni Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 73-moddasiga asosan oʻtalmay qolgan jazo muddatidan ilgari shartli ozod qilindi.


Shuningdek, sayyor sud majlisida ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni oʻtashdan qasddan boʻyin tovlagan, sud tomonidan oʻz zimmasiga yuklangan majburiyatlarni bajarmagan bir nafar mahkumga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 481-moddasi 6-qismiga asosan tayinlangan ozodlikni cheklash jazosi ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo bilan almashtirildi.

Sayyor sud majlisida ishni koʻrgan sudya tomonidan mahkumlarga ularning huquq va majburiyatlari, jazoni oʻtash davrida oʻrnatilgan tartib-qoidalariga qatʼiy rioya qilishlari lozimligi, jazoni oʻtash tartibini buzganlik uchun saqlash rejimini ashaddiy buzuvchi mahkumlarga nisbatan qoʻllanilishi mumkin boʻlgan intizomiy chora oqibatlari, shuningdek jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinib, jazoning oʻtalmagan qismi mobaynida qasddan yangi jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 60-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq jazo tayinlanish oqibatlari haqida tushuntirishlar berildi.

Sud-huquq tizimida amalga oshiriladigan barcha ishlar zamirida qonun ustuvorligini taʼminlash, odil sudlovga erishish kabi ezgu gʻoyalar yotadi. Aynan inson va adolatli sud oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarda qonuniylikni va adolatni taʼminlaydigan harakatlar zamirida xalqimizning osoyishta hamda rozi boʻlib yashash huquqi turibdi.

Bu bilan sud, sodir etgan jinoyatining oqibatlarini toʻla anglab yetgan va axloqan tuzalish yoʻliga oʻtgan mahkumlarga imkon berilganligi halqimizning kechirimlilik va bagʻrikenglik kabi azaliy qadriyatlarining ruyobga chiqarilishi bilan bir qatorda jazodan ozod etilgan shaxslarning jamiyatda oʻz oʻrnini topishda, oila aʼzolari, farzandlari, shuningdek jazodan ozod qilingan shaxslarning oilalarda tinchlik-xotirjamlikni taʼminlash bilan birga, el-yurt taraqiyoti uchun munosib xissa qoʻshishlariga yana bir imkon yaratdi.

Jamiyatimizda shaxsni tarbiyalash orqali sogʻlom muhit yaratish vazifasi, nafaqat sudlarning, balki keng jamoatchilik, qolaversa, har bir fuqaroning burchi ekanini unutmaslik lozim.

Ikrom Shaymanov,

Jinoyat ishlari boʻyicha Muzrabot tuman sudining raisi