Rossiyalik kardiojarrohlar Surxondaryoda murakkab jarrohlik amaliyotlarini oʼtkazishmoqda
Rossiyalik kardiojarrohlar Surxondaryoda murakkab jarrohlik amaliyotlarini oʼtkazishmoqda
Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya tibbiy-amaliy ilmiy markazining Surxondaryo viloyati filialida Rossiyaning Novosibirsk shahrida joylashgan Meshalkin nomidagi qon aylanish patologiyalari ilmiy tekshirish instituti kardiojarrohlari Vitaliy Baystrukov va Sardor Rahmonov mahalliy hamkasblari bilan birgalikda kardiojarrohlikda eng murakkab hisoblanadigan qon tomirlarini stendlash amaliyotini oʼtkazmoqda.
Bu esa Surxondaryo viloyati hokimi Toʼra Bobolov boshchiligidagi delegatsiyaning shu yil avgust oyida Rossiya Federatsiyasiga safari chogʼida vohada kardioxirurgiyani rivojlantirish, murakkab jarrohlik amaliyotlarini hamkorlikda amalga oshirish, mutaxassislarni oʼqitish, oʼzaro tajriba almashish yuzasidan Novosibirsk shahrida joylashgan Meshalkin nomidagi qon aylanish patologiyalari ilmiy tekshirish instituti hamda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya tibbiy-amaliy ilmiy markazi Surxondaryo filiali oʼrtasida tuzilgan shartnomaning amaliy samarasidir.
Surxondaryolik mutaxassislar bilan hamkorlikdagi yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlarimiz muvaffaqiyatli oʼtmoqda, – deydi Vitaliy Baystrukov. – Malakali shifokorlar bilan ishlash bizga zavq bagʼishlayotir. Tibbiyot hamshiralarining jarrohlik amaliyotidagi ishi ham yuqori darajada. Bu yerdagi sharoit va imkoniyatlar tahsinga loyiq. Tibbiyot hamshiralarining jarrohlik amaliyotidagi ishi ham yuqori darajada. Dori-darmon bilan taʼminlash ham yaxshi yoʼlga qoʼyilgan.
Yaqin yillargacha kardiologiya sohasida murakkab jarrohlik amaliyotlarini oʼtkazish nafaqat viloyatda, balki Respublika miqyosida noyob hodisa hisoblanardi. Bu borada hatto xorijiy mamlakatlarning malakali mutaxassislariga murojaat qilinardi. Bugungi kunda sohaga berilayotgan yuksak eʼtibor tufayli ularga ehtiyoj keskin kamaygan. Barcha jarrohlik amaliyotlari va davolash ishlari viloyatimizning oʼzida bajarilmoqda. Bu esa bemorlarga bir qator qulayliklarni yaratmoqda.
Shifoxonaga nafas olganda koʼkrak sohasida sanchiqli ogʼriq, nafas olish yetishmovchiligi, tez holsizlanish alomatlari bilan kelgandim, – deydi muzrabotlik Feruza Hasanova. – Muvaffaqiyatli oʼtgan murakkab jarrohlik amaliyotidan soʼng oʼzimni juda yaxshi his etmoqdaman. Tetikman. Odamlar sogʼligʼi haqida qaygʼurayotgan, shunday sharoitlarni viloyatimizning oʼzida yaratib berayotgan Yurtboshimizga rahmatlar aytaman.
Mutaxassislar taʼkidlashicha, yurak qon-tomir kasalliklarining baʼzilarini yopiq yoʼl bilan operatsiya qilish orqali davolash mumkin. Biroq, yurak klapanlari bilan bogʼliq murakkab patologiyalarni faqat ochiq operatsiya usulidagina bartaraf etish mumkin. Bu jarrohlik amaliyotlarini oʼtkazish uchun qoʼshimcha zamonaviy tibbiy sharoitlar va malakali mutaxassislar hamkorligi talab etiladi.
Аyni paytda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya tibbiy-amaliy ilmiy markazining Surxondaryo viloyati filialida ochiq usuldagi ana shunday kardiojarrohlik amaliyotlarini oʼtkazish sharoitlarini yaratish boʼyicha Meshalkin nomidagi qon aylanish patologiyalari ilmiy tekshirish instituti kardiojarrohlari bilan kelishib olindi.
Bir soʼz bilan aytganda, oʼzaro hamkorlik filial shifokorlariga rossiyalik hamkasblari bilan muntazam tajriba almashish imkoniyatini yaratmoqda. Bu esa aholi salomatligini yanada mustahkamlashga, mahalliy mutaxassislarning yuqori texnologiyaga asoslangan eng murakkab kardiojarrohlik amaliyotlarini muvaffaqiyatli oʼtkazishdagi tajribalarini yanada boyitishga xizmat qiladi.