VILOYAT HOKIMINING TOPSHIRIG‘IDAN SO‘NG...

VILOYAT HOKIMINING TOPSHIRIG‘IDAN SO‘NG...


Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga asosan yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini Termiz shahrida namunali tashkil etish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, xatlovlar jarayonlarida aniqlangan muammoli yoshlar sektorlar va tashkilotlar rahbarlariga biriktirilgan.

Bugun, viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz shahar tibbiyot birlashmasida sektor rahbarlariga biriktirilgan yoshlar bilan bo‘lgan uchrashuvda, sektorlar, masʼul tashkilot rahbarlari hamda oliy taʼlim muassasalari rektorlariga yoshlar bilan ishlashni yana-da jadallashtirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, hayotda o‘z yo‘lini topishda ko‘maklashish bo‘yicha manzilli ishlash tizimini yo‘lga qo‘yish yuzasidan tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar bergan edi.

Masʼullar tomonidan bugunning o‘zida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida Yoshlar markazida og‘ir toifadagi va ijtimoiy ko‘makka muhtoj yoshlar va ularning ota-onalari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda shahar hokimi O‘ktam To‘rayev, sektor rahbarlari, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi rahbari, oliy taʼlim muassasalari rektorlari, volontyor yoshlar hamda yoshlarga biriktirilgan tashkilot rahbarlari ishtirok etishdi.     

Uchrashuvda har bir mahalladan yoshlarning qiziqish va xohish istaklari asosida, oliy taʼlim muassasalarida til va boshqa fanlar hamda IT sohasi bo‘yicha o‘quv kurslariga bepul o‘qitish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida sport to‘garaklariga jalb etish, shuningdek, kasbga o‘rgatish ishlarini ertadan tashkil etilishiga kelishib olindi.

O‘z o‘rnida mazkur ishlarni tizimli tashkil etish bo‘yicha Termiz shahar hokimligi, yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi va oliy taʼlim muassasalarining professor-o‘qituvchilaridan iborat masʼullar biriktirildi.