O‘zbekistondan afg‘on xalqiga navbatdagi insonparvarlik yordami yetkazildi

O‘zbekistondan afg‘on xalqiga navbatdagi insonparvarlik yordami yetkazildi

 

Prezidentimizning topshirig‘iga asosan, afg‘on xalqiga 185 tonnadan ortiq zarur oziq-ovqat mahsulotlari ortilgan navbatdagi insonparvarlik yuklari karvoni Hayraton chegara o‘tkazish punkti orqali qo‘shni mamlakatning Balx viloyati shimolidagi Hayraton shahriga yetkazildi.

 

Insonparvarlik yordami tarkibidan 48 tonna un, 48 tonna bug‘doy, 15,7 tonna o‘simlik yog‘i, 10 ming 20 dona konservalangan go‘sht mahsulotlari (tushyonka), 22 tonna makaron, 24 tonna shakar hamda 100 ming dona tez tayyorlanadigan lapsha (Hot lanch) o‘rin olgan.

 

Shu munosabat bilan Hayraton shahridagi Astras kompaniyasi hududida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev, Surxondaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Anvar Oripov, Afg‘oniston Iqtisodiyot vaziri Dilmuhammad Hanif va boshqa rasmiylar ishtirokida insonparvarlik yordamini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

 

Shuningdek, ikki davlat rasmiylari ishtirokida hududlarning o‘zaro savdo-iqtisodiy va gumanitar sohadagi hamkorligini rivojlantirish borasida muzokaralar o‘tkazildi. Tadbirda ishtirok etgan afg‘onistonlik rasmiylar Muborak Ramazon oyida ko‘rsatilayotgan bu kabi amaliy yordam uchun O‘zbekiston xalqiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.