Toʼra Bobolov: “Guljanoy bizning faxrimiz”
Toʼra Bobolov: “Guljanoy bizning faxrimiz”
Termizda Tokio shahrida oʼtkazilgan XVI Paralimpiya oʼyinlarida sportning para-taekvando VTF turi boʼyicha oltin medalь sohibasi, Uzun tumanilik Guljanoy Naimovani sharaflashga bagʼishlangan tantanali tadbir boʼlib oʼtdi.
Nuroniylar, sportchilar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi Toʼra Bobolov, viloyat mahalla va oilani qoʼllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʼi oʼrinbosari, senator Orziqul Soatovlar Tokio shahrida boʼlib oʼtgan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya oʼyinlarida mamlakatimiz sportchilari katta gʼalabalarni qoʼlga kiritib, Oʼzbekiston bayrogʼini dunyoga keng tarannum etganini alohida taʼkidladi.
Аhdi qatʼiy, matonatli chempion sportchilar safida surxondaryolik mashhur bokschi Bahodir Jalolov va para-taekvandochi Guljanoy Naimovalar mamlakatimiz mustaqilligining 30 yillik toʼyiga munosib sovgʼa – oltin medalni tuhfa etgani qayd etildi.
– Kunchiqar mamlakatdan oltin medalь bilan qaytgan Guljahon bizning faxrimiz, – dedi viloyat hokimi. – Bu gʼalaba bilan matonatli chempion qizimizni qizgʼin tabriklab, yutuqlari bardavom boʼlishini tilaymiz. Uning sport bilan shugʼullanishi uchun barcha sharoitlarni yaratib bergan onasi Goʼzal Tojiboevaga viloyatimiz ahli nomidan minnatdorlik bildiramiz. Guljanoy unib-oʼsgan Uzun tumanidagi Mustaqillik mahallasini «Obod mahalla» dasturi doirasida tubdan yangilab, keng, ravon koʼchalar barpo etamiz. Mahalladoshlarining uy-joylarini tartibga keltirib, bu goʼshada zamonaviy infratuzilma yaratamiz.
Аyni paytda viloyatda paralimpiya harakatini yanada yuksaltirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bunga mavjud sport taʼlim muassasalarida paralimpiya sport turlarini rivojlantirish uchun 25 ta sport turlari boʼyicha sport sektsiyalari tashkil etilgani ham yaqqol dalildir.
Prezidentimizning 2021 yil 18 maydagi «Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qoʼshimcha chora-tadbirlari toʼgʼrisida»gi qarori bu boradagi ishlar natijadorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda. Shunga muvofiq 28 mingga yaqin nogironligi bor yoshlarni bosqichma-bosqich paralimpiya sport turlariga jalb etish rejalashtirilmoqda.
Tadbirda XVI Paralimpiya oʼyinlari oltin medali sovrindori Guljanoy Naimova soʼzga chiqib, bunday yutuqni qoʼlga kiritishida mamlakatimizda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak eʼtibor muhim omil boʼlganini eʼtirof etdi. Prezidentimiz va muxlislariga musobaqalarda qoʼllab-quvvatlab turgani uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
Tantanali marosimda Guljanoy Naimova va uning onasi Goʼzal Tojiboevalarga esdalik sovgʼalar topshirildi.