Termiz shahridagi Alpomish haykali yonida muddatli harbiy xizmatga otlangan bir guruh mard, jasur o‘g‘lonlarni tantanali kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Termiz shahridagi Alpomish haykali yonida muddatli harbiy xizmatga otlangan bir guruh mard, jasur o‘g‘lonlarni tantanali kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning joriy yil fevral oyidagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatlarini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan tadbirda Janubiy operativ qo‘mondonligi boshlig‘i polkovnik Po‘latjon Sativaldiyev, O‘zbekiston halq shoiri Iqbol Mirzo, viloyat mudofaa ishlar boshqarmasi, mudofaa vazirligi jamoatchilik kengashi viloyat bo‘limi, Termiz harbiy prokuraturasi, faxriylar va nuroniylar, keng jamaotchilik vakillari, askarlar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston halq shoiri Iqbol Mirzo Milliy armiyamizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning tinch, farovon hayotimizni taʼminlashdagi o‘rni haqida atroflicha fikr yuritdi. Chaqiriluvchilarning Vatan oldidagi yigitlik burchini sharaf bilan o‘tashiga omad tilab, ularning Amir Temur, Bobur, Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk ajdodlarimiz jasoratiga sodiq bo‘lishiga katta ishonch bildirdi.
–Bugun o‘g‘lim Abdulg‘anijon ham boshqa tengdoshlari qatori muddatli harbiy xizmat burchini o‘tashga yo‘l olmoqda,–deydi Angor tumanidan Hotamxon Axmedov.–Bu oilamiz uchun sharaf. Farzandlarimizning konstitutsiyaviy burchini o‘tash uchun yo‘l otlangan. Ochiq tanlovda Abdulg‘anijonning barcha bosqichlardan muvaffaqiyatli o‘tib, egniga harbiy libos kiygani bilan bir umr faxrlanamiz.
Vatan himoyasiga otlangan askarlarga harbiy orkestr kuy sadolari ostida “Armiya–hayot maktabi” kitobi, sanitariya-gigiyena vositalari topshirildi.
–Vatan tinchligi, yurt to‘kinligi yo‘lida xizmat qilish har bir yigit uchun muqaddas burch,–deydi Termiz tumani mudofaa ishlari bo‘limi chaqiriluvchisi, muddatli harbiy xizmatchi Akmal Ulashov.
– Ana shu vazifani ado etish orzusi bilan o‘tgan yili dastlabki bosqichda tuman tibbiyot xodimlarining ko‘rigidan o‘tdim. Keyin jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha nazorat sinov mashqlarini topshirdim. Kuch tuzilmalari suhbatidan o‘tib, viloyatga yo‘llanma oldim. Bu yerda tibbiy ko‘rikdan o‘tgach, rahbariyat Kengashi suhbatida bo‘ldim. Ochiq, oshkora tanlov asosida saralab olinganlar safida muddatli harbiy xizmatga jo‘anayotganimdan quvonchim cheksiz. Endi Andijon viloyatida yurtimiz osoyishtaligi, xalqimiz tinchligi va obod hayot uchun xizmat qilaman. Zimmamga yuklatiladigan barcha vazifalarni aʼlo darajada bajarib, ota-onam bag‘riga yorug‘ yuz bilan qaytishga so‘z beraman.
Tadbir yakunida sanatkorlarning qiziqarli konsert dasturi namoyish etildi.