Termizda “VATAN MANZUMASI” nomli adabiy-ma’rifiy kecha bo‘lib o‘tdi.

Termizda “VATAN MANZUMASI” nomli adabiy-ma’rifiy kecha bo‘lib o‘tdi.

 

  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining joriy yil 13 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida harbiy xizmatchilarning ahloqiy ruhiy va jangovar tayyorgarligini yanada oshirish, yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini yuksaltirish, qo‘shinlarda ma’naviy-ma’rifiy, madaniy ishlarni rivojlantirish bo‘yicha davlatimiz rahbari tomonidan qator tavsiyalar berilgan edi.

 

  Surxondaryo viloyatning markazi Termiz shahrida joylashgan San’at saroyida o‘tkazilgan “Vatan manzumasi” nomli adabiy-ma’rifiy kecha ana shu vazifalar ijrosining o‘ziga xos ko‘rinishi bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Madaniyat va turizm vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan mazkur kechada Vatanni ulug‘lovchi kuy-qo‘shiqlar, otashnafas shoirlarning she’rlari yangradi. Mamlakatimizdagi tinch osoyishta, xavf-xatardan xoli hayot, ijtimoiy barqarorlik, hamjihatlik, to‘kislik va faravonlik, oqibat, o‘zaro mehr hamda muruvvat muhiti oliy qadriyat ekani yorqin va betakror musiqiy dastur orqali o‘z ifodasini topdi.

 

Yurtimizdagi tinchlik va totuvlik, ahillik va hamjihatlikni ko‘z qorachig‘idek asrab avaylash nainki harbiy soha vakillari, balki barcha hamyurtlarimiz, ayniqsa yoshlarning muqaddas burchi ekani rang-barang musiqiy chiqishlar vositasida yana bir karra namoyon bo‘ldi.

 

Aytish kerakki, dasturdan o‘rin olgan har bir she’r, har bir qo‘shiq va har bir chiqish bir-biriga uzviy bog‘langan. Tomoshabin diqqati bir lahza bo‘linmaydi. Bu turli qatlam vakillaridan iborat kuzatuvchi jamoalar misolida ham yaqqol namoyon bo‘ldi.

Adabiy ma’rifiy kechada har bir chiqishning ma’no-mazmunini ifodalaydigan, uning ta’sirchanligini oshirishga xizmat qiladigan videolavxalar, teatirlashtirilgan badiiy kompozisiyalar ham namoyish qilindi. Vatan himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar xotirasi yod etildi, marhum shoirlarning ovozlaridan-o‘zlari o‘qigan she’rlardan ham unumli foydalanildi. Ona yurtning ulug‘ farzandlari, betakror ijodkorlari yodga olindi.

 

“Vatan manzumasi” nomli adabiy-ma’rifiy kechada Mudofaa vazirligining ikki nafar harbiy xizmatchilari – katta leytenant Islomjon Qo‘chqorov va Qurolli Kuchlar xizmatchisi Begali Eshonqulov ham o‘z ijod namunalari bilan Qurolli Kuchlar ashula va raqs ansambli xonandalari Vatanni madh etuvchi qo‘shiqlarini ijro etishib, tomoshabinlar e’tirofiga sazavor bo‘ldi.

“Vatan manzumasi” nomli adabiy-ma’rifiy kecha Respublikamizning barcha viloyatlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.