Toʼra Bobolov: “Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yoshlarsiz tasavvur eta olmaymiz”

Toʼra Bobolov: “Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yoshlarsiz tasavvur eta olmaymiz”
Termiz shahridagi Sanʼat saroyi bogʼida «Yoshlarning siyosiy bilimlari va huquqiy madaniyatini yuksaltirish» shiori ostida aktsiya boʼlib oʼtdi.
Oʼzbekiston Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi va Surxondaryo viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbir yoshlarga mamlakatimizda ijtimoiy-siyosiy sohani rivojlantirish borasida qabul qilinayotgan qonun va qonunosti hujjatlarning mazmun-mohiyatini tushuntirishga, ularning huquqiy madaniyatini yuksaltirish va oʼz salohiyatini namoyon etishga yoʼnaltirilgani bilan ahamiyatli boʼldi.
Аktsiya doirasida tashkil etilgan «Hokim va yoshlar» uchrashuvida ishtirokchilar viloyat hokimi Toʼra Bobolov va Oʼzbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Shavkat Zayniddinovlar bilan uchrashdi.
– Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni siz, yoshlarsiz tasavvur eta olmaymiz, – dedi viloyat hokimi. – Bundan buyon ham oʼz bilim va shijoatingiz bilan yangi Oʼzbekistonni barpo etishda faollik koʼrsatishlaringizga ishonaman. Bunga mamlakatimizda oʼtkazilayotgan «Oʼzbekiston uchun 100 gʼoya» loyihasida 2 mingga yaqin yoshlarimiz qatnashgani va yuqori baholangan 103 nafarining gʼoyalari saralab olingani ham yaqqol misoldir.
Bundan sanoqli yillar muqaddam ham Surxondaryo deganda barchaning koʼz oldida agrar voha gavdalanar edi. Qisqa yillarda viloyatimiz qiyofasini tubdan oʼzgartirib, sanoatlashgan hududga aylanmoqda. Masalan, bundan besh yil oldin sanoat mahsulotlari 1,2 foizni tashkil etgan boʼlsa, bugun bu koʼrsatkich 1,8 foizga yetdi. Аyniqsa, qurilish materiallari va yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish jadal rivojlanmoqda. Bularning barchasi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasidir. Yoshlar uchun oʼziga xos bayramona ruxda boshlangan aktsiyada Kelajaging uchun ovoz ber, Saylov Imkoniyat va masʼuliyat, Men saylash huquqiga egaman xeshteglari ostida ijtimoiy targʼibot aktsiyasi yuzasidan foto burchak tashkil etildi. “Yoshsalovchi.uz” elektron platformasi taqdimoti, ijtimoiy tarmoqlarda yoshlarning siyosiy-huquqiy bilimlarini rivojlantirishga qaratilgan yutuqli viktorinalar oʼtkazildi. Joriy yilning 24 oktyabrь kuni boʼlib oʼtadigan Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida viloyatda 41 ming 200 nafar yigit-qiz ilk marta ovoz beradi. Ular uchun joylarda faol yoshlar «bir saylovchi – bir ovoz» tamoyili asosida targʼibot tadbirlari tashkil etmoqda.
– Men bu yil ilk marta saylovda qatnashib, eng munosib nomzod uchun ovoz beraman, – deydi Qiziriq tumanidagi 23-maktab oʼquvchisi Sanjar Norboev.– Ushbu aktsiyada qatnashib, saylov haqidagi bilimlarimni oshirishga muvaffaq boʼldim. Vatanimizda biz, yoshlar uchun barcha zamonaviy sharoit yaratilgan. Аna shu imkoniyatlardan foydalanib, kelajakda viloyat hokimi boʼlishni istayman. Hozir amalga oshirilayotgan islohotlar bizlarning ana shunday orzularimizni roʼyobga chiqarishga qanot boʼlayotganidan har qancha faxrlansak arziydi.
Аktsiya «Yoshlarning siyosiy bilimlari va huquqiy madaniyatini yuksaltirish» aktsiyasini amalga oshirish mexanizmi yuzasidan viloyat ishchi guruhi taqdimoti, «Oʼzbekiston uchun 100 gʼoya» loyihasining taqdimoti, «Oʼz kelajagimni oʼzim belgilayman, Sizchi?» shiori ostida insholar tanlovi, «Munozara» intellektual bellashuvi, yutuqli viktorina, yoshlarning huquqiy savodxonligini aniqlashga qaratilgan “Siz bilasizmi?” televizion oʼyini, “Saylov – 2021: kelajak xalq tanloviga bogʼliq!” mavzusidagi maqolalar tanlovining taqdimoti bilan davom etayotir.