Viloyat hokimligida BMT vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi
Viloyat hokimligida BMT vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov BMT Taraqqiyot dasturi, BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi va BMT Yevropa Iqtisodiy komissiyasi vakillarini qabul qildi.
Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda delegatlar bilan o‘zaro hamkorlikda erishilgan natijalar va loyiha barqarorligini taʼminlash yechimlari muhokama qilindi. Bugungi kunga qadar qo‘shma loyiha tadbirlari natijasida Surxondaryo viloyatining Termiz shahri, Termiz, Jarqo‘rg‘on va Sherobod tumanlarida yangi tashkil etilgan 100 gektar yashil kamar, yashil bog‘ va yashil ijtimoiy bog‘larga ko‘chatlar ekildi. 2022 yil oxiriga kelib loyihaga 413 nafar afg‘on qochqinlari va 194 nafar mahalliy aholi vakillari jalb qilingan.
Loyihadan ko‘zlangan maqsad iqlim o‘zgarishining salbiy taʼsiriga qarshi kurashish va unga hissa qo‘shish, “Yangi O‘zbekiston 2022-2026 yillarda” rivojlantirish milliy strategiyasi vazifalariga muvofiq o‘rmonlarni tiklash bo‘yicha umumdavlat dasturini amalga oshirishga ko‘maklashishdan iborat.