Shahardagi o‘rganish ishlari maktab va mahallalarda davom etdi
Shahardagi o‘rganish ishlari maktab va mahallalarda davom etdi
Viloyat hokimi rahbarligidagi mutasaddilarning Termiz shahridagi o‘rganish ishlari davom etdi. Keyingi manzilda "Nurli kelajak" mahallasida joylashgan 7-sonli maktabdagi sharoitlar, amalga oshirilgan ishlar, obodonlashtirish holati bilan tanishildi.
Maktabda taʼmirlash ishlari yakuniga yetkazilmagan, yetarlicha nazorat, tartib-intizom to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan, mavjud jihozlar, stol-stullar saqlanishi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan, qurilish materiallari va chiqindilarining yo‘lakda saqlanishi hunuk manzarani keltirib chiqargan va favqulodda chiqish yo‘laklarini yopilib qolgan.
Viloyat xalq taʼlimi boshqarmasiga o‘z vazifasiga sovuqqqonlik bilan qarab, maktabda tartib o‘rnatmaganligi va tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirmaganligi uchun maktab direktorining lavozimiga loyiqlik masalasini ko‘rib chiqish, moliya boshqarmasiga taʼmirlash ishlarini yakuniga yetkazish uchun mablag‘ ajratish, tegishli organlarga maktab faoliyatini o‘rganib, huquqiy baho berish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Shuningdek, shu yerning o‘zida shahar masʼullari va “Nurli kelajak” (Oldingi nomi Pattakesar) mahallasi “beshligi” bilan belgilab berilgan topshiriqlar ijrosi muhokama qilindi. Avvalgi tashrifda berilgan topshiriqlarga asosan ikki qavatli turar-joylarning tom va fasad qismlari taʼmirlangan, hududda obodonlashtirish ishlari olib borilgan. Hudud chiqindilardan tozalanib, tartibga keltirilgan.
Viloyat rahbari hududni o‘rganish davomida yo‘laklar qurilishini oxiriga yetkazish va mahalla infratuzilmasini yana-da yaxshilash bo‘yicha navbatdagi vazifalarni belgilab berdi.
Mahalla infratuzilmasini yaxshilash, obodonlashtirish ishlarini davom ettirish, hududdagi maktab va boshqa ijtimoiy soha obyektlarida tozalash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirilishini tashkil etish uchun shahar IIB boshlig‘i, 3-Sektor rahbari masʼul etib belgilandi.