Termiz shahridagi ijtimoiy soha obyektlari, mahallalar infratuzilmasi, tashkilot va korxonalar faoliyati o‘rganildi

Termiz shahridagi ijtimoiy soha obyektlari, mahallalar infratuzilmasi, tashkilot va korxonalar faoliyati o‘rganildi

 

Bugun viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz shahri bo‘ylab, ijtimoiy soha obyektlari, xususan maktablar faoliyati, mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlar, markaziy ko‘cha va yo‘llarda olib borilayotgan taʼmirlash, obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi. Dastlabki manzil 960 o‘rinli maktabda 2 ming 531 nafar o‘quvchi tahsil olayotgan, 2,6 koeffitsiyentda faoliyat yuritayotgan 1-sonli maktabi bo‘ldi.

 

Uchta o‘quv binosidan iborat ushbu maktabning asosiy binosi 2016 yilda, qolgan 2 ta o‘quv binosi 2019 yilda taʼmirlangan. Maktabning umumiy yer maydoni 1,5 gektardan ortiqni tashkil etadi. Ochiq yer maydonlariga eʼtibor qaratilmaganligi, obodonlashtirish ishlari talab darajasida yo‘lga qo‘yilmaganligi tanqid qilindi. Taʼlim sifatini oshirish, maktab hududini obodonlashtirish, o‘quvchilar tahsil olishlari, o‘qituvchilarning faoliyat yuritishlari uchun zarur sharoitlarni yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

 

Shundan so‘ng mutasaddilar shahardagi 22-sonli maktab faoliyatini o‘rganishdi. Quvvati 280 o‘rinli bo‘lgan ushbu maktabda 607 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Maktab kutubxonasiga yetarli eʼtibor qaratilmaganligi, maktab chekkasidagi xonaga joylashtirilganligi tanqid qilindi. Masʼullarga maktab faoliyatini samarali tashkil etish, kirib keluvchi yo‘llarni, yo‘laklar va maktab binosida taʼmirlash ishlarini olib borish topshirig‘i berildi. Viloyat rahbari ushbu maktabning sport zalida tashkil etilgan boks to‘garagi faoliyati bilan ham tanishib, mashg‘ulotlar olib borayotgan o‘quvchilar bilan suhbatlashdi.

 

Shuningdek, maktab bilan yondosh hududda joylashgan “Buyuk Surxon Termiz” fermer xo‘jaligi dala maydonlari ham ko‘zdan kechirildi. Dala atroflari tozalanmagan, daraxt ko‘chatlari ekilmagan, mavjudlari oqlanmagan, ariq va zovurlar qazilmagan. Viloyat rahbari kamchiliklarni ko‘rsatib o‘tib, masʼullarga bartaraf etish, fermer xo‘jaligi faoliyatini o‘rganish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

 

Keyingi manzilda O‘zpaxtasanoat AJ “Surxondaryo mintaqaviy terminali” MCHJ binosi ko‘zdan kechirildi. Bino joylashgan hududni tartibga keltirish, tozalash, obodonlashtirish ishlarini olib borish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab berildi.

 

O‘rganish davomida hududdagi mahallalar infratuzilmasi bilan ham tanishilib, mavjud kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi. Shahar hokimiga mahallalar infratuzmasini yaxshilash, yo‘llarni taʼmirlash bo‘yicha bo‘yicha belgilangan dasturlardagi tadbirlarni sifatli amalga oshirish vazifasi qo‘yildi hamda mahallalardagi “beshlik” va boshqa masʼullarni jalb qilgan holda obodonlashtirish ishlarini keng ko‘lamda olib borish topshirildi.