Quyosh panellari o‘rnatish borasidagi ishlar o‘rganildi

Quyosh panellari o‘rnatish borasidagi ishlar o‘rganildi

 

Hozirda energiya resurslariga bo‘lgan talab kun sayin oshib bormoqda. Bunday vaziyatda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish, undan foydalanishni keng yo‘lga qo‘yish muhim hisoblanadi. Shu maqsadda Prezidentimizning Farmon qabul qilingan bo‘lib, har bir hududda ijtimoiy va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohalarida hamda iqtisodiyot tarmoqlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish bo‘yicha dastur va chora-tadbirlar belgilab berilgan.

 

Shunga asosan vohada tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish maqsadida chora-tadbirlar belgilab olinib, ijtimoiy soha obyektlari, tadbirkorlik subyektlari, aholi xonadonlari va yangidan barpo etilayotgan ko‘p qavatli turar-joylarda quyosh panellari va quyosh suv isitish qurilmalarini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.

 

Bugun viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov bu borada olib borilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida quyosh panellari o‘rnatilayotgan obyektlarni ko‘zdan kechirdi. O‘rnatilgan quyosh panellari bilan tanishdi. Tanishuv davomida mutaxassislar va mutasaddilar tomonidan olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot berildi.

 

Shuningdek, viloyat rahbari amalga oshirilgan ishlarni ko‘zdan kechirish davomida, masʼullarning vohada aholi va ijtimoiy soha obyektlarini elektr energiyasi bilan taʼminlashda yuzaga keladigan taqchillikni bartaraf etish maqsadida amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha axborotini ham eshitdi. Joriy yil 4 mart kuni belgilab berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi. Bundan tashqari yangi loyihalarni, jumladan, kuni-kecha Xitoylik investorlar bilan muhokama qilingan 200 gektar maydonda quyosh fotoelektr stansiyalari o‘rnatish loyihasini tomonlar bilan puxta ishlab chiqib, amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

 

Maʼlumot uchun, Surxondaryo viloyatida joriy yil yakuniga qadar 682 ta ijtimoiy soha obyektlari va davlat idoralari binolarida, 1 405 ta tadbirkorlarning bino va inshootlarida, 3 791 ta aholi xonadonlarida, 41 ta yangidan foydalanishga topshiriladigan ko‘p qavatli turar-joylarda quyosh panellari va quyosh suv isitgichlari o‘rnatish rejalashtirilgan.