Termiz shahridagi obodonlashtirish ishlari o‘rganildi
Termiz shahridagi obodonlashtirish ishlari o‘rganildi
Surxondaryo viloyatining har bir hududida obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Mahallalar, ko‘chalar yangicha qiyofa va zamonaviy ko‘rinish kasb etmoqda. Shu bilan birga olib borilgan ishlar qatorida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, obodonlashtirilishiga eʼtibor qaratilmagan manzillar ham bor.
Bugun viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz shahridagi “Sohil”, “Jo‘yjangal” va “Pattakesar” mahallalari hamda Islom Karimov ko‘chasi va “Farovon” massividagi mavjud holatlarni joyiga borib o‘rgandi. Ko‘p qavatli uylar atroflari obodonlashtirilmagan, yo‘llar va yo‘laklar taʼmiri oxiriga yetkazilmagan, singan ariq betonlari to‘g‘irlanmagan, masʼullarning eʼtiborsizligi sabab ko‘chalardagi chiqindilar o‘z vaqtida olib chiqilmagan, buning natijasida to‘plangan chiqindilar atrofga sochilib, ahvol yana-da yomon ko‘rinishga kelib qolgan.
Viloyat rahbari faqatgina markaziy ko‘chalarga emas, barcha hududda birdek ishlar olib borilishi lozimligini, odamlar kayfiyatiga taʼsir qiladigan bu ishlar eng avvalo eng chekka hududlardan boshlanishi kerakligini taʼkidladi. Masʼullarga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, bajarilmagan ishlar ko‘rsatib o‘tildi. Shaharning har bir mahallasi, ko‘chasi va yo‘llarida obodonlashtirish va taʼmirlash ishlarini olib borish, chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqib, ko‘p qavatli uylar atrofini tozalash, daraxt ko‘chatlari ekish bo‘yicha vazifalar belgilandi.