Tovlamachilik jinoyatining o‘ziga xos xususiyatlari.

Tovlamachilik jinoyatining o‘ziga xos xususiyatlari.

 

Hammamizga ma’lumki malakatimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng fuqarolarning huquqiy ongini shakllantirish, yoshlarni kelgusi avlodga tayyorlash yuzasidan bir qancha ishlar amalga oshirilib kelmoqda, avvalam bor, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikni oldini olish, ularni jinoyat sodir qilishdan qaytarish hamda mustaqil demokratik huquqiy davlat qurish borasida bir qadar ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

Bugun Sizlar bilan tovlamachilik jinoyati haqida so‘z yuritmoqchimiz.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasida, Tovlamachilik, ya’ni jabrlanuvchi yoki uning yaqin kishilariga zo‘rlik ishlatish, mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish yoxud jabrlanuvchi uchun sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor qilish bilan qo‘rqitib o‘zgadan mulkni yoki mulkiy huquqni topshirishni, mulkiy manfaatlar berishni yoxud mulkiy yo‘sindagi harakatlar sodir etishni talab qilish yoxud jabrlanuvchini o‘z mulki yoki mulkka bo‘lgan huquqini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo‘yish uchun javobgarlik belgilangan.

Tovlamachilik mulkka qarshi g‘arazli jinoyatlardan biri hisoblanadi. Tovlamachilikning ijtimoiy xavflilik xususiyati uning nafaqat mulkchilikka, balki mulkchilik manfaatlarining mustaqil shakli sifatida namoyon bo‘luvchi boshqa (majburiyat yuklovchi, meros bo‘lib o‘tuvchi, uy joy kabi) mulkiy munosabatlarga ham tajovuz qilishidan iborat.

Tovlamachilik ko‘p ob’yektli jinoyat hisoblanadi. Chunki uning sodir etilishida nafaqat mulkchilik huquqiga, boshqa shaxslarning ashyoviy huquqlariga, balki hayotga, sog‘liqqa, sha’nga, qadrqimmatga va boshqalarga zarar yetkazish xavfi ham mavjud.

Tovlamachilik predmetlari quyidagilar:

 Mol mulk;

 mol mulkka bo‘lgan huquq (tovlamachining yoki boshqa aybdor deb ko‘rsatilgan shaxsning qarzi borligini tasdiqlovchi tilxat, shartnoma yoki boshqa hujjat, yoxud muayyan mulkiy huquqlar tovlamachiga yoki u ko‘rsatgan shaxsga o‘tishiga asos bo‘ladigan boshqa hujjat);

 mulkiy xususiyatga ega harakatlar (ishni bajarish, xizmatlar taklif etish va tovarni past narxda yoxud tekinga berish va boshqalar);

 mulkiy manfaatlar berish (masalan, jabrlanuvchi uchun oldindan noxush bo‘lgan shartnomani tuzish va boshqalar).

Mol mulkka bo‘lgan huquq  shaxsning o‘ziga tegishli mol mulkka egalik qilish, undan o‘z xohishiga ko‘ra hamda o‘z manfaatlarini ko‘zlab foydalanishi va uni tasarruf etishi, shuningdek, o‘zining mulkiy huquqi kim tomonidan buzilishidan qat’i nazar, o‘z mulkiy huquqlari buzilishini bartaraf etilishini talab qilish huquqidir.

 

 

Tovlamachilikni sodir etayotib aybdor mulkka bo‘lgan huquqni talab qilmay, o‘zganing mol mulkidan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini talab qilishi mumkin.

Jabrlanuvchi yoki uning yaqin kishilariga zo‘rlik ishlatib, uning mulkiga shikast yetkazish yoki uni nobud qilish yoxud jabrlanuvchi sir saqlanishini xohlagan ma’lumotlarni oshkor qilish bilan qo‘rqitib yoxud jabrlanuvchining manfaatlariga xavf soladigan sharoitni yaratish yo‘li bilan jabrlanuvchi shaxsni unda turgan (masalan, qarzga, kreditga olgan, jinoyat sodir etishi natijasida vaqtincha saqlanib turgan va hokazo) o‘zining mol-mulkini berishga majbur etganida, u o‘zganing mulkini tovlamachilik yo‘li bilan talon-toroj qilganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin emas. Bunday qilmish, qonunda nazarda tutilgan alomatlar mavjud bo‘lsa, o‘zboshimchalik deb hisoblanadi. Qarzdor va qarz beruvchi o‘rtasida foizlar to‘lash bo‘yicha oldindan kelishuv bo‘lmagan bo‘lsa, berilgan qarz uchun foiz talab qilish tovlamachilik jinoyati tarkibini tashkil qiladi.

Aybdor jabrlanuvchidan uning tasarrufiga noqonuniy yo‘l bilan (jinoyat sodir etish yo‘li bilan ham) o‘tgan mulkni talab qilganda ham uning harakatlari tovlamachilik sifatida kvalifikasiya qilinishi lozim.

Mulkiy yo‘sindagi harakatlar deganda, haq to‘lanadigan har qanday ishlarni bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish (imoratlar qurish, ularni ta’mirlash, avtomobillarni ta’mirlash, tovar-moddiy boyliklarni tashib berish va hokazo) tushuniladi.

Mulkiy manfaatlar deganda, jabrlanuvchining o‘z xizmat vakolatlariga ko‘ra u yoki bu shaxsga uning muhtojligiga qarab yoxud belgilangan qoidalar yoki normativ hujjatlarga binoan taqdim etish huquqiga ega bo‘lgan manfaatlar tushuniladi. Jumladan, tovar-moddiy boyliklarni navbatsiz ajratish, qo‘shimcha to‘lovlarsiz tovar olish, o‘z korxonasidagi bo‘sh lavozimlarga tayinlash tushunilishi kerak.

Ob’yektiv tomondan tovlamachilik aybdorning mulkdordan bila turib, g‘ayriqonuniy ravishda o‘ziga yoki u ko‘rsatgan shaxslarga muayyan mulkni, mulkka bo‘lgan huquqni topshirishni, mulkiy manfaatlar berishni yoxud ular foydasiga muayyan mulkiy yo‘sindagi harakatlar sodir etishni talab qilishda ifodalanadi va u o‘z talablarini quyidagi harakatlar orqali amalga oshiradi:

 zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish. Bunda qo‘rqitish o‘z ichiga jabrlanuvchini o‘ldirish, badaniga shikast yetkazish, nomusiga tegish va boshqa turdagi harakatlarni sodir etish bilan qo‘rqitishni qamrab oladi;

mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish bilan qo‘rqitish. Bunda mulk mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar asosida jabrlanuvchiga yoxud uning yaqin kishilariga tegishli bo‘lishi mumkin;

 ma’lumotlarni oshkor qilish bilan qo‘rqitish. Bunda ushbu ma’lumotlarni jabrlanuvchi yoki uning yaqin kishilari sir saqlashni xohlaydilar. Ob’yektiv tomonning ushbu belgisi bo‘yicha kvalifikasiya qilishda jabrlanuvchi yoki uning yaqinlari mazkur ma’lumotlarni sir saqlashga harakat qilayotganliklarini (qilganliklarini), uni oshkor etish bilan qo‘rqitish esa aybdor tomonidan biron bir mulkni egallash uchun foydalanilayotganligini (foydalanganligini) aniqlash muhim;

 jabrlanuvchini mulki yoki mulkka bo‘lgan huquqini berishga majbur qiladigan sharoit yaratish.

Tovlamachining talablari og‘zaki, telefon, faks, xat orqali va boshqa shaklda bo‘lishi mumkin.

Talab tovlamachining jabrlanuvchidan mulkni yoki mulkdan o‘z mulkidek foydalanish huquqini beruvchi hujjatlarni taqdim etishini taklif qilishni anglatadi.

Talablar pul olish, yerdan, do‘kondan, avtomobildan foydalanish huquqini qo‘lga kiritish, tovlamachini sherik sifatida muntazam dividendlar va boshqa mulkiy manfaatlar olishi uchun kooperativ, korxona a’zoligiga kiritib qo‘yishga qaratilgan bo‘lishi mumkin.

Tovlamachilikni sodir etishda zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish deganda, urish, zarba berish, badanga yengil, o‘rtacha og‘ir va og‘ir shikast yetkazish bilan qo‘rqitish tushunilishi kerak.

Tovlamachilikdagi qo‘rqitishga quyidagi belgilar xos: birinchidan, o‘z mazmuniga ko‘ra unda jabrlanuvchi yoki uning yaqin kishilariga zo‘rlik ishlatish, mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish yoxud ular sir saqlash lozim deb topgan ma’lumotlarni oshkor qilish niyati bildirilgan bo‘lishi kerak; ikkinchidan, tahdid real, ya’ni agar jabrlanuvchi tovlamachining talablarini bajarmasa, tahdid amalga oshirilishi mumkinligidan xavotir bo‘lishi lozim. Jinoyat tarkibining mavjudligini aniqlash uchun qo‘rqitishni kim amalga oshirishi mumkinligi: bevosita tovlamachining o‘zimi yoki uning ishtirokchilarimi, bu ahamiyat kasb etmaydi. Qo‘rqitish kelajakda (darhol yoki talabni bajarishdan bosh tortganlik uchun) amalga oshiriladi deb qabul qilinadi. Shuning uchun ham ushbu jinoyatning tarkibi uchun aybdorning haqiqatdan ham o‘z niyatini amalga oshirmoqchi bo‘lgan bo‘lmaganligi ahamiyat kasb etmaydi.

Jabrlanuvchi tomonidan qo‘rqitishning xususiyati va jadalligi qanday qabul qilinganligi jinoyatni kvalifikasiya qilishga ta’sir ko‘rsatmasligi lozim. Jadalligi bir xil bo‘lgan tahdid, jabrlanuvchilarning ruhiy holati, tarbiyasi, fe’l atvori, jismoniy xususiyatlaridagi farqlar tufayli, ular tomonidan turlicha qabul qilinadi. Jabrlanuvchi qanday qabul qilganligidan qat’i nazar, tahdidning kuchi oshmaydi va kamaymaydi, uning o‘zi qanday bo‘lsa, shundayligicha qolaveradi.

Tovlamachilikni kvalifikasiya qilish uchun tahdidning kimga - bevosita mulk egasiga yoki jabrlanuvchiga yaqin kishilarga qaratilganligining ahamiyati yo‘q. Bunda jabrlanuvchiga yaqin kishilar doirasi jabrlanuvchining faqat yaqin qarindoshlari bilangina chegaralanmaydi, balki vujudga kelgan hayotiy vaziyatlar tufayli hayot salomatligi va tinchlik xotirjamligi jabrlanuvchi uchun qadrli bo‘lgan boshqa shaxslarni ham o‘z ichiga olishi lozim.

Mulkka shikast yetkazish deganda, mulkka zarar yetkazilishi tufayli, ashyoning o‘z sifatini yo‘qotishi, ya’ni undan o‘z vazifasiga ko‘ra foydalanish uchun vaqtincha yoki qisman yaroqsiz bo‘lib qolishi va uni tiklashga muayyan mehnat yoki mablag‘ sarflanganidan keyin avvalgi qimmatiga ega bo‘lishi tushuniladi.

Mulkni nobud qilish deganda, uni qayta tiklab bo‘lmaydigan va undan vazifasiga ko‘ra foydalanib bo‘lmaydigan holatga keltirilganligi tushuniladi.

Shaxs sir saqlanishini xohlayotgan ma’lumotlar deganda, o‘zining shaxsiy hayoti, ish faoliyati, yaqin kishilari, qarindosh urug‘lari haqidagi va shu kabi har qanday axborotlar tushunilishi kerak. Ushbu ma’lumotlar qatoriga shaxsni va uning yaqinlarini sharmanda qilishi va uning oshkor etilishi unga va uning yaqinlari manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar (jabrlanuvchi hayotidagi sharmand qiluvchi ma’lumotlar, tijorat siri) kiradi. Bunda sharmanda qiluvchi ma’lumotlar deb, ularning rost yoki yolg‘onligidan qat’i nazar, jabrlanuvchi tomonidan uning sha’n va qadrqimmatini tahqirlovchi sifatida qabul qilinadigan ma’lumotlarga aytiladi. Ma’lumotlarning sharmanda qiluvchi sifatida baholanishi, faqatgina ularning shunday ma’lumot sifatida jabrlanuvchi va uning yaqinlari tomonidan qabul qilinishiga bog‘liq. Shaxsning ma’lumotlarni sir saqlashni xohlagan yoki xohlamaganligi har bir alohida holda sud tomonidan hal etiladi. Sud buni shantaj jabrlanuvchining irodasiga ta’sir qilgan yoki qilmaganligiga qarab aniqlaydi. Agar jabrlanuvchi ma’lumotlar oshkor qilinishidan qo‘rqib tovlamachining talablarini bajargan bo‘lsa, demak, jabrlanuvchi ushbu ma’lumotlarning sir saqlanishini xohlagan.

Ma’lumotlarni oshkor qilish deganda, jabrlanuvchining fikricha, oshkor qilinishi nomaqbul bo‘lgan (masalan, farzandlikka olish, kasallik, sudlanganlik to‘g‘risidagi va hokazo) axborotlarni boshqa shaxslarga ma’lum qilish tushuniladi. Aybdor shaxs ma’lumotlarni og‘zaki, xat, telefon, faks orqali va boshqa tarzda oshkor qilishi mumkin.

Jabrlanuvchini o‘z mulki yoki mulkka bo‘lgan huquqini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo‘yish deganda, aybdorning jabrlanuvchi va uning yaqinlari uchun har qanday ob’yektiv xavfli sharoit yaratishi tushunilib, unga tovlamachi chek qo‘yishi mumkinligini yoki ma’lum bir haq evaziga yo‘q qilishi mumkinligini taklif qiladi. Tadbirkordan inshootni “qo‘riqlash” uchun pul to‘lashni talab etish yoki mahsulotlarni “sotish”ga yordam berganlik uchun pul talab qilish ham tovlamachilik jinoyati belgisi hisoblanadi.

Tovlamachilik o‘zganing mulkini yoki mulkka bo‘lgan huquqini topshirish, mulkiy manfaatlar berish yoxud mulkiy yo‘sindagi harakatlarni sodir etishni talab qilingan paytdan e’tiboran tugallangan hisoblanadi. Bunda ushbu talablarning bajarilganligi ahamiyat kasb etmaydi.

Agar aybdor o‘z tahdidini amalga oshirish paytida o‘zganing mulkini nobud qilgan yoki unga shikast yetkazgan bo‘lsa, uning qilmishi jinoyatlar majmui bo‘yicha kvalifikasiya qilinadi. Tovlamachilikni sodir etish paytida jabrlanuvchi qasddan o‘ldirilgan bo‘lsa, qilmish barcha hollarda jinoyatlar jami bo‘yicha kvalifikasiya qilinishi kerak. Biroq agar odam o‘ldirish tovlamachilik faktini yashirish maqsadida sodir etilgan bo‘lsa, aybdorning harakatlari tovlamachilik va odam o‘ldirganlik jinoyati bo‘yicha kvalifikasiya qilinishi lozim.

Sub’yektiv tomondan tovlamachilik to‘g‘ri qasd bilan sodir etiladi. Bunda aybdor jabrlanuvchidan mol-mulkni yoki mulkka bo‘lgan huquqni o‘ziga yoki boshqa shaxsga berishni qo‘rqitish bilan talab qilishi asoslanmaganligini va noqonuniyligini biladi. Aybdor g‘arazli motivlarga amal qiladi va ashyoni noqonuniy ravishda qo‘lga kiritish maqsadini ko‘zlaydi.

Tovlamachilik jinoyatning sub’yekti - 14 yoshga to‘lgan har qanday aqli raso shaxsdir.

Og‘irlashtiruvchi holatlarda sodir etilgan tovlamachilik takroran yoki xavfli residivist tomonidan tovlamachilik sodir etilishi, jinoyat ko‘p miqdorda sodir etilishi, qilmishning bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilishi.

Shuni nazarda tutish kerakkki, bosqinchilik va talonchilikda zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish mulkni egallab olish yoki talon-toroj qilinganidan so‘ng uni ushlab qolish vositasi bo‘lib xizmat qilsa, tovlamachilikda ushbu qo‘rqitish jabrlanuvchining irodasini so‘ndirish va uni tovlamachining talablarini bajarishga majbur etish vositasi bo‘lib xizmat qiladi.

Shuni ham nazarda tutish kerakki, bosqinchilik va talonchilikda o‘zganing mulkini egallab olish qo‘rqitish bilan bir vaqtda sodir bo‘ladi, tovlamachilikda esa, aybdor jabrlanuvchining mulkini kelajakda qo‘lga kiritadi.

Sudlar tomonidan ham tovlamachilik jinoyatchilgini oldini olish borasida, jinoyatning sabablari va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlagandan keyin xususiy ajrim chiqarib, huquq tartibot idoralaridan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan, jamoat birlashmalaridan, jamoalardan yoki mansabdor shaxslardan ana shu sabab va shart sharoitlarni bartaraf qilish choralarini talab qilib kelmoqda.

O‘z navbatida, jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga  imkon bergan shart sharoitlarni bartaraf qilish to‘g‘risidagi xususiy ajrim yuborilgan fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organi zarur choralarni ko‘rib, ko‘rilgan choralar natijalari to‘g‘risida sudni xabardor qilib kelmoqda. Bu bilan Respublikamiz fuqarolarini huquqiy ong va huquqiy madaniyatini oshirib, jinoyat sodir etilishini oldi olinmoqda.

Bu borada mahallaning ham katta xissasi mavjud, ya’ni mahalla har bir oila uchun qayg‘urar ekan, ushbu oiladagi muhitni chuqur o‘rganib, sog‘lom oilani vujudga keltirish borasida tarbiyaviy ishlari olib bormog‘i lozim.

Shu sababli ushbu mahallaning barcha fuqarolari o‘zlarining konstitusiyaviy huquqlarini chuqur anglashini, mustaqil davlatimizning yosh avlodlarini huquqiy ongini oshirishda qo‘lidan kelganicha o‘z yordamini ayamasdan ko‘maklashishi lozim.