RASMIY MUNOSABAT
Bugun ijtimoiy tarmoq orqali “Reklama bilbordlarimiz o‘zboshimchalik bilan demontaj qilindi” sarlavhasi ostida post e’lon qilindi.
Termiz shahar hokimligi ushbu holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida” 2020-yil 20-fevraldagi 104-sonli Qarori qabul qilingan.
Ushbu Qarorning 2-bandi “e” kichik bandiga ko‘ra “Ushbu qaror qabul qilingunga qadar qonuniy ravishda o‘rnatilgan barcha tashqi reklama obyektlarini (konstruksiyalarini) mazkur qaror talablariga moslashtirish uchun qaror qabul qilingan sanadan boshlab olti oy muddat beriladi (ma’lumot uchun 2020-yil 20-fevraldan-2020-yil 20-avgustga qadar) va shu muddatda belgilangan talablarga moslashtirilmagan reklama obyektlari (konstruksiyalari) ularning egalari tomonidan ixtiyoriy ravishda o‘z kuchi bilan olib tashlanadi (demontaj qilinadi) hamda yer maydoni tartibga keltiriladi” deb belgilangan.
O‘z navbatida, shahar hokimligi tomonidan belgilangan muddatlarda tadbirkorlarga tashqi reklama obyektlarini (konstruksiyalarini) Qaror talablariga moslashtirish, agar moslashtirish imkoni bo‘lmagan taqdirda olib tashlash (demontaj qilish) lozimligi to‘g‘risida tegishli ko‘rsatmalar hamda ogohlantirish xatlari berilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Termiz shahrida tashqi reklama obyektlarini (konstruksiyalarini) yer uchastkalarida joylashtirish huquqini (“E-IJRO AUKSION” orqali) faqat yuqori texnologiyali tashqi reklama obyektlariga (konstruksiyalariga) berish, bunda birinchi darajali markaziy qatnov ko‘chalarida faqat video ekranli va ikkinchi darajali markaziy qatnov ko‘chalarida aralash turdagi yuqori texnologiyali tashqi reklama obyektlari (konstruksiyalari) o‘rnatilish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilishi munosabati bilan demontaj ishlari olib borilayotganligi ma’lum qilinadi.