Maʼmuriy islohotlar — natijadorlikka yo‘naltirilgan ixcham va professional davlat boshqaruvini yaratishning asosi

Maʼmuriy islohotlar — natijadorlikka yo‘naltirilgan ixcham va professional davlat boshqaruvini yaratishning asosi

Bugungi kunda mamlakatimizda barcha sohada faol islohotlar amalga oshirilmoqda. Ularning eng muhimi, shubhasiz, davlat boshqaruvi bilan bog‘liq maʼmuriy islohotlar hisoblanadi.

Darhaqiqat, davlat boshqaruvining markazlashib ketishi vazirlik va idoralar vakolatlarining bir-birini takrorlashi, agentliklarning haddan tashqari ko‘payib ketishi, ortiqcha byurokratiyaning kuchayishiga sabab bo‘ldi.

Prezidentimizning 2022 yil 21 dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-269-son Farmoni ushbu muammolarga o‘ziga xos huquqiy yechim bo‘ldi, deyish mumkin. Xususan, mazkur Farmonga ko‘ra, 2023 yil 1 yanvardan boshlab mustaqil faoliyat yurituvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining sonini 61 tadan 28 tagacha, shu jumladan, vazirliklar sonini 25 tadan 21 tagacha qisqartirish belgilandi.

Boshqacha qilib aytganda, respublika davlat boshqaruvi organlari quyidagi tartibda isloh qilinmoqda: qayta tashkil etish, vazifa va funksiyalarni tegishli vazirlik va idoralarga o‘tkazgan holda tugatish hamda tashkiliy bo‘ysunuvni o‘zgartirish. Mazkur chora-tadbirlar natijasida 1,5 trillion so‘mdan ortiq byudjet mablag‘lari iqtisod qilinishiga erishiladi va shtat birliklarini maqbullashtirish natijasida bo‘shaydigan mablag‘lar ijtimoiy masalalarni hal etishga yo‘naltiriladi.

Davlat boshqaruvi apparatini saqlash bilan bog‘liq xarajatlarning maqbullashtirilishi korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish hamda byudjet mablag‘larining sarflanishi ustidan taʼsirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga xizmat qiladi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasi isloh qilinib, Bosh vazirning 4 nafargacha o‘rinbosarlari lavozimi hamda Bosh vazir kotibiyati tashkil etilmoqda. Bu, o‘z navbatida, zamonaviy talablarga javob beradigan ixcham davlat boshqaruvi tizimini shakllantirish, qaror qabul qilish va masalani ko‘rib chiqish jarayonlarini soddalashtirishga xizmat qiladi.

Bu hali hammasi emas. Prezidentimizning 2022 yil 21 dekabr kunidagi “Yangi O‘zbekiston maʼmuriy islohotlari doirasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-447-son qarori ham maʼmuriy islohotlarning huquqiy asosi sifatida qabul qilingan muhim normativ-huquqiy hujjatlardan biri bo‘ldi.

Mazkur qaror bilan Yangi O‘zbekiston maʼmuriy islohotlari doirasida amalga oshiriladigan birinchi navbatdagi chora-tadbirlar bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanib, unda bir qator muhim ahamiyatga ega bo‘lgan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar belgilandi.

Umuman olganda, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati yangilangan talablar va tamoyillar asosida tashkil etilayotganligi maʼmuriy islohotlar doirasida mamlakatimizda natijadorlikka yo‘naltirilgan ixcham va professional davlat boshqaruvi tizimini yaratish bo‘yicha chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilayotganligini anglatadi.

 

 

Surxondaryo viloyat sudi sudyasi                                           Z.E.Mavlonov