Davlat organlari va tashkilotlarida mehnat faoliyatini olib borayotgan yosh mutaxassislar va yosh vatandoshlarga zarur shart-sharoitlar yaratish uchun huquqiy asoslar yaratilmoqda.

Davlat organlari va tashkilotlarida mehnat faoliyatini olib borayotgan yosh mutaxassislar va yosh vatandoshlarga zarur shart-sharoitlar yaratish uchun huquqiy asoslar yaratilmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizda barcha sohada faol islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu jumladan, davlat organlari va tashkilotlarida mehnat faoliyatini olib borayotgan yosh mutaxassislar va yosh vatandoshlarga zarur shart-sharoitlar yaratish borasida ham bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 07 mart kunidagi “Davlat organlari va tashkilotlarida mehnat faoliyatini olib borayotgan yosh mutaxassislar va yosh vatandoshlarga zarur shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 101-son qaroriga muvofiq,
2022 yil iyundan xorijdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan, yetakchi kompaniyalarda ishlayotgan O‘zbekiston yoshlari (yosh vatandoshlar)ga vazirliklar, idoralar va tashkilotlarda ishlashi uchun shart-sharoit yaratish maqsadida yosh vatandoshlar faoliyati davomida xizmat turarjoylari bilan ta’minlanishi hamda davlat organlari va tashkilotlarida kamida 2 yil ishlagan yosh vatandoshlarga uy-joy uchun ipoteka kreditining dastlabki badali va foizlarning bir qismini qoplashga subsidiya berilishi belgilandi.
Mazkur qarorga ko‘ra, 2022 yil 01 iyun kuniga qadar “Yosh vatandoshlar reyestri” elektron tizimi ishga tushirilib, mazkur tizim xorijdagi vatandosh olimlar, ekspertlar va tadqiqotchilar ochiq ro‘yxatdan o‘tadigan platformaga integrasiya qilinadi.
Shuningdek, mazkur qarorda har yili 1 mart kuniga qqadar davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi malakali yosh mutaxassislar va yosh vatandoshlarni kelgusida yuqori lavozimga tayinlash bo‘yicha asoslangan takliflarni Yoshlar ishlari agentligiga berib borishi hamda Agentlik 1 aprel kuniga qadar takliflarni o‘rganib prezident Administrasiyasiga tavsiya kiritib borishi belgilandi.
Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 13 iyul kunidagi “Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6260-sonli Farmoni e’lon qilinganiga e’tibor qaratish lozim bo‘ladi.
Chunki, mazkur Farmonning 5-bandida davlat organlari, tashkilot va muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 500 talik ro‘yxatiga kirgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarini (bakalavriat, magistratura) tamomlagan yoki ularda ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha ustamalar to‘lab borish tartibi joriy etilgan.
Farmon bilan belgilangan qo‘shimcha ustamalar Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (Agentlik), yosh mutaxassis va uning ish beruvchisi o‘rtasida imzolangan shartnoma asosida har oy to‘lab boriladi. Shartnoma 3 yilgacha bo‘lgan muddatga tuziladi va to‘lovlar ish beruvchi tomonidan amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
2021 yil 11 fevral kunidagi PF-6168-son Farmoni bilan tasdiqlangan Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamgarmasi (keyingi o‘rinda - Jamg‘arma) to‘grisidagi nizomga ko‘ra, Jamg‘armaning asosiy vazifalari etib xorijdagi nufuzli ilmiy-tadqiqot, ta’lim va tibbiyot muassasalarida, iqtisodiyotning istiqbolli tarmoqlarida, ayniqsa, eng yangi innovasion texnologiyalarni ishlab chiqarish va qo‘llash sohalarida ishlayotgan, qimmatli ilmiy va amaliy tajribaga ega vatandoshlarimiz bilan aloqalar o‘rnatish belgilangan.
Qarorga muvofiq, yosh mutaxassislarga qo‘shimcha ustamalar miqdori belgilanishida nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining (THE (The Times Higher Education World University Rankings), QS (Quacquarelli Symonds World University Rankings), ARWU (Academic Ranking of World Universities) yuqori 500 talik ro‘yxatidagi eng yuqori o‘rindan joy olgan xorijiy oliy ta’lim tashkiloti inobatga olinishi belgilangan.
Bundan tashqari, xorijdagi vatandoshlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish maqsadida prezident qarori bilan «Vatandoshlar» jamoat fondi tashkil etilib, uning faoliyatini boshlash uchun 5 mlrd so‘m ajratilgan.


Surxondaryo viloyat sudi sudyasi Z.E.Mavlonov