O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olish Mamlakatimizda har o‘n yilda o‘tkaziladi

O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olish
Mamlakatimizda har o‘n yilda o‘tkaziladi

Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 16 mart kuni “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni imzolandi. Mazkur Qonun, aholini ro‘yxatga olish sohasidagi munosabatlarni har tomonlama tartibga soluvchi ilk bor qabul qilingan huquqiy hujjat sifatida O‘zbekiston tarixidan o‘rin oldi. Chunki shu vaqtgacha bu sohada qonunchiligimizda hech qanday hujjat yo‘q edi.

Qonun,O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil
5 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish Konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”giPF-5655-son Farmoniga muvofiq ishlab chiqildi.

Qonunni ishlab chiqishda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti
va Yevropa statistiklari konferensiyasining aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tamoyillari va tavsiyalaridan asos sifatida foydalanildi.Shuningdek, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Osiyo va Yevropa mamlakatlari, jumladan, Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Ukraina, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Janubiy Koreya, Hindiston, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, AQSH, Kanada va boshqa davlatlarning ushbu sohadagi tajribalari o‘rganilib, qonun loyihasini ishlab chiqishda foydalanildi.

Qonun beshta bob va o‘ttiz bir moddadan iborat bo‘lib, unda qonunning maqsadi, asosiy tushunchalar, aholini ro‘yxatga olishning vazifalari va prinsiplari yoritib berilgan. Asosiy prinsiplardan biri sifatida davriylik prinsipi, ya’ni aholini ro‘yxatga olish o‘n yilda kamida bir marta o‘tkazilishi hamda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinishi belgilab qo‘yilgan.

Aholini ro‘yxatga olish jarayonida, shaxsga doir ma’lumotlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatga olish varaqlari asosida har bir respondent uchun yakka tartibda to‘ldiriladi, ya’ni ro‘yxatga oluvchi shaxslar tomonidan uyma-uy yurib, har bir respondent uchun alohida to‘ldiriladi. 

Yana bir muhim prinsiplardan biri, bu shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligi bo‘lib, bunda aholini ro‘yxatga olish jarayonida yig‘ilgan shaxsga doir ma’lumotlar maxfiy hisoblanishi, ular respondentning roziligisiz oshkor etilmasligiva tarqatil-masligi qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Qonunda respondent tushunchasiga ham aniqlik kiritib ketilgan, ya’ni respondentlar – aholini ro‘yxatga olish sanasida O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hisoblanadi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, lekin aholini ro‘yxatga olish sanasida uning hududidan tashqarida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ham respondent hisoblanishi yoritib o‘tilgan.

Shuningdek, Qonunda,aholini ro‘yxatga olishni tartibga solish sohasida davlat boshqaruvi, maxsus vakolatli davlat organi, ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha Respublika komissiyasi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari, aholini ro‘yxatga olishda ishtirok etuvchi ryespondentlarva ro‘yxatga oluvchi shaxslarning huquq va majburiyatlari, aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish tartibi,tadbirlarni moliyaviy ta’minlash asoslari belgilab berilgan.

 

       Surxondaryo viloyat statistika boshqarmasi

Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish

va o‘tkazish bo‘limi boshlig‘i                                               S.Ostanov