Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining mazmun va mohiyati yuzasidan
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining
mazmun va mohiyati yuzasidan
Barchamizga maʼlumki, joriy yilning 29 oktyabrь kuni Mehnat kodeksi yangi tahrirda qabul qilindi. Hujjat 6 oydan soʼng – 2023 yil 30 aprelda kuchga kiradi va 1995 yildan beri amalda boʼlgan Mehnat kodeksining oʼrnini egallaydi.
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining eskisidan asosiy farqli jihatlaridan biri bu shubhasiz uning hajmida boʼlib, amaldagi Mehnat kodeksi 2 ta qism (umumiy va maxsus qism), 15 ta bob va 294 ta modda mavjud boʼlsa, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi esa 2 qism, 7 boʼlim, 34 ta bob va 581 moddadan iborat.
Mazkur kodeksining asosiy jihatlaridan biri shundaki davlat tomonidan ishga joylashtirish boʼyicha qoʼshimcha kafolatlarni taʼminlanadigan aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari belgilangan boʼlib, ular:
14 yoshga toʼlmagan bolalari, nogironligi boʼlgan bolalari bor yolgʼiz ota-ona, shuningdek koʼp bolali oilalardagi ota-onalar (18 yoshga toʼlmagan toʼrt va undan ortiq bolalari boʼlgan oilalar koʼp bolali oilalar hisoblanadi);
umumiy oʼrta va oʼrta maxsus taʼlim tashkilotlarini, kasb-hunar maktablari va kollejlari hamda texnikumlarini tamomlab, kasbga ega boʼlgan yoshlar;
“Mehribonlik” uylarining bitiruvchilari;
Oliy taʼlim tashkilotlarining davlat grantlari boʼyicha taʼlim olgan bitiruvchilari;
Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati qoʼshinlaridagi muddatli harbiy xizmatdan boʼshatilgan shaxslar;
nogironligi boʼlgan shaxslar;
pensiyaoldi yoshidagi shaxslar (qonunda belgilangan pensiya yoshiga qadar ikki yil oldin);
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslar yoki sudning qaroriga koʼra oʼziga nisbatan tibbiy yoʼsindagi majburlov choralari qoʼllanilgan shaxslar;
odam savdosidan jabrlanganlar.
Mehnat shartnomasiga ayrim normalarni kiritish taqiqlanadi
Endi Mehnat kodeksiga koʼra, mehnat shartnomasiga quyidagi shartlarning kiritilishi oʼz oʼzidan haqiqiy hisoblanmaydi:
xodimning holatini mehnat qonunchiligiga va mehnat haqidagi boshqa hujjatlarga nisbatan yomonlashtiradigan;
mehnat va mashgʼulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash talablarini buzadigan;
majburiy mehnatni taqiqlash haqidagi talablarni buzadigan;
xodimni qonunga xilof harakatlarni, boshqalarning yoki xodim oʼzining huquqlarini buzadigan, hayoti va sogʼligʼiga tahdid soladigan, shaʼniga, qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obroʼsiga putur yetkazadigan harakatlarni amalga oshirishga majburlaydigan shartlar.
Yangi kodeksga muvofiq dam olish kuni bayram kuniga toʼgʼri kelsa keyingi kunga koʼchiriladi. Masalan, yakshanba – dam olish kuni 1 sentyabrga toʼgʼri kelsa, dam olish kuni dushanbaga koʼchiriladi.
Bunda ishlab chiqarish-texnik va tashkiliy sharoitlar (mavjud uzluksiz ishlab chiqarish, aholiga har kuni xizmat koʼrsatish, navbatchilik asosida ishlash va boshqalar) tufayli ishlanmaydigan bayram kunlari toʼxtatib qoʼyish mumkin boʼlmagan ishlarni bajarishda dam olish kunlari koʼchirilmaydi.
Shuningdek, amaldagi Mehnat kodeksning 109-moddasida ishdan boʼshatish nafaqasining miqdori oʼrtacha oylik ish haqidan kam boʼlishi mumkin emas deb belgilangan.
Yangi tahrirdagi kodeksimizda esa ishdan boʼshatish nafaqasi toʼlash tartibi xodimning stajiga qarab toʼlanishi belgilandi.
Yaʼni, ishdan boʼshatish nafaqasining miqdori mazkur ish beruvchidagi ish stajiga bogʼliq boʼladi va u:
3 yilgacha ish stajiga ega boʼlgan xodimlar uchun – oʼrtacha oylik ish haqining 50 foizidan;
3 yildan 5 yilgacha ish stajiga ega boʼlgan xodimlar uchun – oʼrtacha oylik ish haqining 75 foizidan;
5 yildan 10 yilgacha ish stajiga ega boʼlgan xodimlar uchun – oʼrtacha oylik ish haqining 100 foizidan;
10 yildan 15 yilgacha ish stajiga ega boʼlgan xodimlar uchun – oʼrtacha oylik ish haqining 150 foizidan;
15 yildan ortiq ish stajiga ega boʼlgan xodimlar uchun – oʼrtacha oylik ish haqining 200 foizidan kam boʼlishi mumkin emas.
Chalgʼimasligimiz kerakki, bunda xodim ish beruvchidagi ish staji nazarda tutilmoqda, yaʼni ishdan boʼshatilayotgan korxonada ishlagan davri hisoblanadi.
Yangi tahrirdagi Kodeksda, shuningdek, ish beruvchi homilador ayollarga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida antenatal (tugʼruqqacha) parvarishlash (perinatal skrining va tashxis, majburiy tibbiy koʼriklar va boshqa majburiy tibbiy muolajalar) uchun oʼrtacha ish haqi saqlangan holda qoʼshimcha boʼsh kunlar berishi shartligi, homilador ayollarni antenatal (tugʼruqqacha) parvarishlash tartibi va muddatlari Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Bundan tashqari, yangi tahrirdagi Kodeksda nazarda tutilgan asosiy yangiliklardan yana biri yillik asosiy mehnat taʼtili davomiyligining eng kam muddati yigirma bir kalendarь kuni etib belgilandi va xalqaro standartga muvofiqlashtirildi. Ilgari taʼtil 15 ish kunidan davom etardi.
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida fuqarolarni yoshga doir pensiya olish huquqi yuzaga kelganligi munosabati bilan ish beruvchi tashabbusiga koʼra (hozirgi MKning 100-modda 2-qism 7-bandi bilan) ishdan boʼshatish amaliyoti butunlay chiqarib tashlanmoqda.
Yaʼni, xodimning pensiya yoshiga yetganligi munosabati bilan ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilishi taqiqlandi.
Shuningdek, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida daʼvo muddatlari koʼpaymoqda.
Jumladan, yangi Kodeksning 560-moddasiga asosan ishga tiklash toʼgʼrisidagi daʼvo muddati mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqidagi ish beruvchi buyrugʼining koʼchirma nusxasi xodimga topshirilgan kundan eʼtiboran 3 oy deb belgilanmoqda.
Аmaldagi Mehnat kodeksining 270-moddasida esa bu 1 oy qilib belgilangan edi.
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida boshqa mehnat nizolari boʼyicha daʼvo muddati xodim oʼzining huquqi buzilganligi toʼgʼrisida bilgan yoki bilishi kerak boʼlgan kundan eʼtiboran 6 oy deb belgilanmoqda.
Аmaldagi Mehnat kodeksida esa, boshqa mehnat nizolari boʼyicha daʼvo muddati xodim oʼzining huquqi buzilganligi toʼgʼrisida bilgan yoki bilishi kerak boʼlgan kundan eʼtiboran 3 oy deb belgilangan.
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida belgilangan normalar mehnat munosabatlari taraflarining huquq va manfaatlarini himoya qilinishida qonuniylikni va adolatni taʼminlaydigan norma boʼlib xizmat qiladi.
Surxondaryo viloyat sudi
sudьyasi Z.E.Mavlonov