Surxondaryo viloyati hokimining madaniyat va sanʼat sohasi xodimlari bilan uchrashuvi o‘tkazildi

Surxondaryo viloyati hokimining madaniyat va sanʼat sohasi xodimlari bilan uchrashuvi o‘tkazildi

 

Surxondaryo viloyatida bugungi kunda mingdan ziyod xonandalar, boshlovchilar, sozandalar, aktyorlar hamda boshqa madaniyat va sanʼat sohasi xodimlari faoliyat yuritib, ijod qilib kelishmoqda. Sohada erishilgan yutuqlar, amalga oshirilgan o‘zgarishlar bilan bir qatorda o‘z yechimini kutayotgan muammolar ham mavjud.

Viloyat hokimi ana shu muammolarni soha vakillari bilan muhokama qilish, ularning murojaatlari, sohani rivojlantirish borasidagi takliflarini tinglash maqsadida madaniyat va sanʼat sohasining bir guruh vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv avvalida Prezidentimiz tomonidan viloyatda soha uchun barcha imkoniyatlar yaratilganligi, boshqa viloyatda yo‘q madaniyat muassasalari, tajribali, fidoyi madaniyat va sanʼat xodimlari faoliyat yuritayotgan bo‘lsada, yosh iqtidorlar orasidan Mahmud Namozov, Hosila Rahimova, Lola Ahmedova kabi el tanigan surxondaryolik xonandalar, sozandalar yetishib chiqmayotganligi tanqid qilindi.

Shu boisdan viloyat rahbari soha vakillari bilan o‘tkazilgan bugungi uchrashuvda ularning muammo va takliflarini tingladi. Sohani rivojlantirish borasida chora-tadbirlar belgilandi. Ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish, yosh avlod ongida Vatanparvarlik ruhini singdirish, voha ahlining qon-qoniga singib ketgan Surxon milliy madaniyati va sanʼati, folklor ansambllarini dunyoga tanitish borasida kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.

Madaniyat va sanʼat yo‘nalishida yosh iqtidorlarni kashf qilish, ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida viloyat hokimi tashabbusi bilan ko‘rik-tanlov tashkil etiladi. Unda jonli ijro, sozandalik, folklor va boshqa yo‘nalishlardagi iqtidorlarni aniqlash maqsad qilingan bo‘lib, g‘oliblar joriy yil Mustaqillik shodiyonalarida eʼlon qilinadi va viloyat hokimligining qimmatbaho sovg‘alari hamda pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.

Shuningdek, masʼullarga soha xodimlarining samarali faoliyat yuritishlari uchun yetarli sharoitlar yaratish, ularni moddiy va maʼnaviy tomondan qo‘llab-quvvatlash, mavjud muammolarni chuqur o‘rgangan holda hal etish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirig‘i berildi.