Anomal sovuq ob-havo sharoitida aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarida isitish tizimining holati hamda yo‘llarni tozalash ishlari ko‘zdan kichirildi
Anomal sovuq ob-havo sharoitida aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarida isitish tizimining holati hamda yo‘llarni tozalash ishlari ko‘zdan kichirildi
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov "Hududgaz Surxondaryo" gaz taʼminoti filialida bo‘lib, viloyatga yetkazib berilayotgan gaz bosimi, hozirgi holatda hududlarga yetkazib berilayotgan gaz miqdori bo‘yicha masʼullarning axborotini tingladi. Shundan so‘ng, gaz bosimi tushib ketgan Termiz shahri Farovon massivida taʼminotdagi uzilishlarni bartaraf etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar joyiga borgan holda o‘rganildi.
Viloyat rahbari masʼullarning bu borada olib borayotgan faoliyati yuzasidan o‘zining eʼtirozlarini bildirib, tegishli tavsiya va topshiriqlar berdi. Manzilda faoliyat olib borayotgan gaz muhandis xodimlariga issiq ovqat va qishki kiyim boshlar berildi. Shahar mutasaddilariga “avariya” holatlarini bartaraf etish ishlarini amalga oshirayotgan xodimlarga issiq ovqat va kiyim boshlar yetkazib berish, sodir bo‘lgan uzilish holatlarini tezkor bartaraf etish bo‘yicha ko‘mak berish vazifasi yuklatildi.
Shuningdek, shaharning Barkamol avlod va Islom Karimov ko‘chalarida yo‘llarga qum-tuz aralashmasini sepish, muzlamalarni tozalash ishlari ko‘zdan kechirilib, Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlariga ham issiq ovqat va issiq kiyim boshlar tarqatildi.
Keyingi manzilda ko‘p qavatli uylardan biriga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv servis kompaniyasining faoliyati o‘rganildi va xonadonlarni issiqlik bilan taʼminlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi.
Viloyat rahbari shuningdek, viloyat ko‘p tarmoqli Bolalar shifoxonasining isitish tizimining ishlash holati, bemorlar va ularning yaqinlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishdi. Isitish tizimining barqaror ishlashini taʼminlash, bemorlarning yaqinlari uchun kutish joylarida sharoitlar yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.