RASMIY MUNOSABAT
Rasmiy munosabat
Joriy yilning 5-yanvar kuni ijtimoiy tarmoq orqali "Termiz shahri "Kokildor ota" mahallasi Sulton Saodat ko‘chasiga gaz va yo‘l asfalt qilish qachon boshlanadi?" mazmunidagi murojaat yo‘llangan.
Termiz shahar hokimligi mazkur murojaat yuzasidan quyidagilarni maʼlum qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-apreldagi “Budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5072 qarori qabul qilingan. Qarorga asosan tuman va shaharning budjet mablag‘lari bir yilda ikki marta fuqarolarning tashabbuslari orqali yo‘naltiriladi. Unda fuqarolar tomonidan o‘zlari yashayotgan mahalla, shahar yoki tumandagi muammolarni bartaraf etish maqsadida “Tashabbusli budjet” jarayonida ishtirok etib, takliflar kiritiladi. Jarayon yakunlariga ko‘ra belgilangan tartib asosida eng ko‘p ovoz olgan takliflarga mablag‘lar yo‘naltirilib, ishlar boshlanishi belgilab qo‘yilgan. Shu boisdan Tashabbusli budjet jarayonida “Kokildor ota” MFY “Sulton Saodat” ko‘chasini asfalt qilish taklifini 2023-yilning 1-mavsumiga mahalla, keng jamoatchilik asosida taklif kiritishlari va kiritilgan taklifni ushbu hududida yashovchi fuqarolardan eng ko‘p ovoz yig‘ishda faol bo‘lishlari maqsadga muvofiqdir.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-sentabrdagi PQ-4840-son qaroriga muvofiq Surxondaryo viloyati bo‘yicha tabiiy gaz taʼminotida bo‘lgan aholi isteʼmolchilari xonadonlariga elektron gaz hisoblash uskunalari o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. «Hududgaztaminot» AJning 23/16-sonli topshirig‘iga asosan 2020-yil 1-sentabr kunidan hududlarda binolar, ko‘p qavatli hamda arzon uy-joylar qurilish ishlari amalga oshiruvchi pudrat tashkilotlari tomonidan isteʼmolchilarga zamonaviy tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimiga mos keluvchi gaz hisoblash uskunalari o‘rnatish sharti bilan qabul qilinishi taʼkidlangan.
Murojaatchilarning xonadonlari tabiiy gaz tarmog‘iga ulanish uchun loyiha-peshxisob hujjatlari tayyorlanishi, loyihada ko‘rsatilgan zarur material texnik resurslarni hamda zamonaviy elektron gaz hisoblash uskunalarini o‘z mablag‘lari hisobidan xarid qilgandan so‘ng belgilangan tartibda tabiiy gaz tarmog‘iga ulab berilishi maʼlum qilinadi.