Sudlar faoliyati qanday tartibga solinadi
Sudlar faoliyati qanday tartibga solinadi
Oʼzbekiston Respublikasining 2021 yil 28 iyuldagi "Sudlar toʼgʼrisida"gi OʼRQ-703-sonli Qonuni qabul qilindi. Qonun 2021 yil 29 iyul kuni rasmiy eʼlon qilindi va shu kundan kuchga kirdi.
Mazkur qonunga koʼra, barcha sudlarda ishlar ochiq sud majlislarida koʼriladi. Ishlarni yopiq sud majlisida koʼrib chiqishga faqat qonunda belgilangan hollarda yoʼl qoʼyiladi.
Sud majlisi zalida hozir boʼlgan shaxslar, ommaviy axborot vositalari vakillari sud majlisi zalida qonunda belgilangan tartibda fotosuratga olishi, video va audio yozuvni amalga oshirishi mumkin.
Oʼzbekistonda sud ishlarini yuritish oʼzbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi koʼpchilik aholi soʼzlashadigan tilda olib boriladi.
Odil sudlovni amalga oshirishda har bir kishiga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi.
Hech kim sud qaroriga asoslanmagan holda qamoqqa olinishi mumkin emas.
Shu bilan birga, Oliy sud quyi sudlarning sudlov faoliyati ustidan nazorat olib borish huquqiga ega.
35 yoshdan kichik boʼlmagan, fuqarolarning yashash yoki ish joyidagi yigʼilishida ochiq ovoz berish yoʼli bilan ikki yarim yil muddatga saylangan Oʼzbekiston fuqarosi xalq maslahatchisi boʼlishi mumkinligi belgilandi.
Sudya birinchi marta 5 yillik muddatga, navbatdagi 10 yillik muddatga va lavozimda boʼlishning muddatsiz davriga belgilangan tartibda saylanadi yoki tayinlanadi.
Oliy sud sudyasi lavozimida boʼlishning eng yuqori yoshi 70 yoshni, boshqa sudlar sudyalari uchun – 65 yoshni tashkil etadi.
Uy-joyga muhtoj boʼlgan sudya mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda sud joylashgan yerda xizmat turar joyi bilan taʼminlanadi.
Sudya unga doimiy yashash uchun belgilangan tartibda turar joy berilgunga qadar turar joy arendasi, ijarasi (ikkilamchi ijarasi) bilan bogʼliq xarajatlari kompensatsiya qilinishi huquqiga ega.
Vakolatlari muddati tugagan sudyalarning oʼrtacha oylik ish haqi ularni yangi vakolatlar muddatiga qayta saylash yoki qayta tayinlash toʼgʼrisidagi masala hal qilinayotgan davrda yoxud boshqa ish berilgunga qadar, lekin koʼpi bilan uch oygacha saqlab qolinadi.
Sudyalarga ularning vakolatlari muddati tugaganidan keyin ular sudyalik lavozimiga saylanishga yoki tayinlanishga qadar egallab turgan avvalgi ishi (lavozimi) beriladi, bunday ish (lavozim) mavjud boʼlmaganda esa avvalgisiga teng boshqa ish (lavozim) beriladi.