Pirotexnika vositalari savdosi bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarga nisbatan jazo belgilandi

Yangi yil bayrami tobora yaqinlashgani sari uning shukuhi ortib boradi. Biroq, mana shu bayramona kayfiyatga raxna soladigan holat ham borki, dilni xira qiladi.

Bayram bahona cho‘ntagini qappaytirishni ko‘zlaganlar pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish payiga tushadi.

Pirotexnika vositalari savdosi bilan noqonuniy shug‘ullanish mamlakatimizning amaldagi qonunlari bilan taʼqiqlanadi.

Ming afsuski, ayrim fuqarolar buni bila turib, ana shu ish ortidan foyda ko‘rishga urinmoqda.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudi tomonidan 2022 yil mobaynida pirotexnika vositalari noqonuniy savdosi bilan bog‘liq 88 nafarga nisbatan 77 ta maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar ko‘rib chiqilgan.

Xususan, Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudining sudyasi Sh.Yuldashev raisligida 2022 yil 15 dekabr kuni sud majlisida ana shunday faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan A.Djo‘raqulovga nisbatan, shuningdek shu sudning sudyasi A.Boybilov raisligida  2022 yil 23 dekabrda pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda muomala qilayotgan E.Timirovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 1851-moddasiga asosan, to‘plangan maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish atroflicha ko‘rib chiqildi.

Termiz shahar ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan “Pirotexnika vositalariga qarshi kurashish” tadbiri davomida fuqaro A.D. 2022 yil 9 dekabr kuni Termiz shahar “Maʼrifat” mahallasi I.Karimov ko‘chasida joylashgan nonvoyxona yonida uch quti “Britanik” nomli pirotexnika vositasini qonunga xilof ravishda saqlab kelayotganligi aniqlanib, mavjud pirotexnika vositalari ashyoviy dalil tariqasida olib qo‘yilgan va ushbu holat bo‘yicha tegishli bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Shuningdek, fuqaro E.t. 2022 yil 4 dekabr kuni Termiz shahar hududida 770 dona “Treniya” yorlig‘i bilan pirotexnika  vositalarini noqonuniy muomala qilayotganligi aniqlanib, bu haqda ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Sud majlisida yurtdoshlarimiz, ayniqsa, bolalar salomatligiga xavf soladigan pirotexnika vositalarini qonunga xilof ravishda saqlab kelgan fuqarolar A.D. hamda E.t. larga sudning qarori bilan belgilangan tartibda bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarida yaʼni, 1.500.000 so‘m miqdorida jarima jazosi qo‘llanilgan.

Sudning qarori bilan ish bo‘yicha ashyoviy dalil sifatida olingan pirotexnika vositalari tegishli tartibda yo‘q qilish belgilangan.

 

A.Boybilov,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudining sudyasi