Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida joriy yilda kutilayotgan va 2023 yilga mo‘ljallangan makroiqtisodiy prognozlar muhokama qilindi.
Jumladan, 2022 yilda mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, aholini uzoq yillar qiynab kelgan masalalarni hal qilishga byudjetdan 8 trillion so‘m yo‘naltirildi. “Tashabbusli byudjet” doirasida 8 millionga yaqin aholi takliflaridan kelib chiqib, mahallalardagi loyihalarga 2,5 trillion so‘m ajratildi. Bunda hududlarning qo‘shimcha iqtisodiy imkoniyatlaridan shakllangan 16,5 trillion so‘m ham hududlar infratuzilmasini yaxshilashga yo‘naltirildi.
2023 yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti hajmi kamida 5,3 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda. Dunyoda saqlanib qolayotgan murakkab vaziyatda kelgusi yil ham asosiy maqsad yurtimizda makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, inflyatsiyaning keskin oshib ketishining oldini olishga qaratiladi.
Yig‘ilishda iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarni rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, aholi turmush tarzini yana-da yaxshilash chora-tadbirlari belgilab berildi.
Xususan, kelgusi yilda sanoatda 5,1 foiz, qishloq xo‘jaligida 3,5 foiz, xizmatlar sohasida 14,1 foiz o‘sishga erishish bo‘yicha muhim vazifalar belgilandi. Shuningdek, aniqlangan zaxiralar hisobiga sanoat ishlab chiqarishi hajmini qo‘shimcha 12 trillion so‘mga oshirish imkoniyati ko‘rsatib o‘tildi. Tadbirkorlikni rivojlantirishga 10 trillion so‘m ajratiladi. Iqtisodiyotga banklar hisobidan 200 trillion so‘m kredit va xalqaro moliya tashkilotlaridan 500 million dollar uzoq muddatli resurs jalb qilinadi.