Prezident topshirig‘i amalda: tabiiy gaz taʼminoti yana-da yaxshilanadi

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 1-2 iyun kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi va Termiz shahri isteʼmolchilarini tabiiy gaz bilan taʼminlash uchun Angor tumani Bahor mahallasi hududidagi “Qoraqir” AGRSdan 38,9 kilometr masofaga quvur yotqizib, yuqori bosimli gaz tarmog‘i qurilishini amalga oshirish yuzasidan tegishli topshiriq berilgan edi.

Yangi loyihaning ishga tushirilishi “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi va Termiz shahridagi 16 ta mahallaga qishin-yozin ishonchli tabiiy gaz yetkazib berishga xizmat qiladi. Ayni paytda “Hududgaz Surxondaryo” gaz taʼminoti filiali qurilish-montaj boshqarmasi ishchilari mazkur obyektda yuqori bosimli quvurlarni yotqizmoqda.  

– Shu kungacha bunyodkorlar qariyb 30 kilometr masofaga quvur yotqizdi, – deydi “Hududgaz Surxondaryo” gaz taʼminoti filiali direktori birinchi o‘rinbosari Z.Mamanov. – Ushbu loyihani tezroq ishga tushirish uchun barcha imkoniyatlardan samarali foydalanilmoqda. Bu quvur orqali viloyat markazidagi “Guliston”, “Kattabog‘”, “Guliraʼno”, “Surxon Sohili”, “Majnuntol”, “Yulduz”, “Bog‘ishamol”, “Manguzar”, “Chegara”, “Kokildorota”, “Namuna”, “A.Navoiy”, “Tinchlik”, “Jo‘yjangal”, “Maʼrifat”, “Mehrobod” mahalla fuqarolar yig‘inidagi isteʼmolchilarga barqaror tabiiy gaz yetkazib berish yo‘lga qo‘yiladi.  


Janubdagi viloyatda 591 ming 373 ta aholi xonadoni va 2 ming 115 ta ulgurji isteʼmolchi gaz yoqilg‘isidan foydalanadi. Xonadonlarning 116 ming 162 tasi tabiiy va 475 ming 209 tasi suyultirilgan gaz bilan taʼminlanadi. Soha mutaxassislarining aytishicha, vohadagi gaz quvurlarining uzunligi 2 million 397 ming 392 kilometrni tashkil etadi. Uning 192 ming 937 kilometri yuqori bosimli, 642 ming 630 kilometri o‘rta bosimli, 1 million 561 ming 825 kilometr qismi past bosimli gaz quvurlaridir. Isteʼmolchilarga 2 ming 541 dona gaz taqsimlash punkti orqali tabiiy gaz yetkazib berilmoqda. 

Vohada joriy yilgi qish faslining boshlanishida aholini tabiiy va suyultirilgan gaz bilan uzluksiz taʼminlash jarayonida yechimini kutayotgan ayrim kamchiliklar borligi aniqlandi. Shunga ko‘ra, gazchilar qishning sovuq kunlari yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning oldini olishga alohida eʼtibor qaratib, viloyat hududidagi gaz quvurlarining sozligini qayta ko‘zdan kechirmoqda. Joylardagi quvurlar “mahallabay” kesimda taʼmirlanib, yuz berishi mumkin bo‘lgan nosozliklarning oldi olinayotir.  

Mutaxassislarning maʼlumotiga ko‘ra, 2017-2021 yillarda vohaning 220 dan ortiq mahallasida 120 mingdan ziyod xonadonning tabiiy gaz taʼminoti tubdan yaxshilandi. Buning uchun 125,9 kilometr gaz tarmog‘i va 257 dona gaz taqsimlash punkti yangilandi. Angor tumanidagi “Qoraqir” AGRSdan viloyat markaziga tortilayotgan yangi yuqori bosimli gaz tarmog‘ida qurilish-montaj ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirilgach, Termiz shahridagi 10 mingtaga yaqin ko‘p qavatli uy va yakka tartibdagi turar-joy binolari, hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy soha tarmoqlari uzluksiz tabiiy gaz bilan taʼminlanadi.  

 

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,  

O‘zA muxbiri