Konstitusiya - haqiqiy hayot qomusiga aylandi

Konstitusiya - haqiqiy hayot qomusiga aylandi

Mustallikning ilk yillarida ya’ni, 1992-yil 8-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining o‘n birinchi sessiyasida muqaddima, 6 bo‘lim, 26 bob, 128 moddadan iborat O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilindi.
Shuningdek, Konstitusiya qabul qilingan kun ya’ni, 8-dekabr kuni mamlakatimizda har yili nishonlanadigan umumxalq bayrami sifatida dam olish kuni deb e’lon qilindi.
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi farovon hayotning mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda.
Konstitusiya har bir fuqaroning ongi va qalbidan chuqur joy olgan, ularning huquq va erkinliklarini to‘liq kafolatlaydigan haqiqiy hayot qomusiga aylanmoqda.
Konstitusiya shaxs, jamiyat va davlat o‘rtasidagi munosabatlarda o‘zaro huquq va majburiyatlar hamda ularning kafolatlarini aniq-ravshan belgilab berdi. Bosh qomusimiz jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, yurtimiz fuqarolari tengligining kafolatlanishini e’tirof etdi va zamonaviy demokratik taraqqiyot uchun zamin yaratdi.
Asosiy qonunimizda O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyati tizimi - hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi prinsipiga asoslangan.
Sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritishi kabi muhim normaning mustahkamlab qo‘yilishi, o‘z navbatida, sud hokimiyatining O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyati tizimiga mansubligini hamda uning amalda mustaqil va erkin faoliyat ko‘rsatishini kafolatladi.
Barchamizga ma’lumki, mamlakatimizda odil sudlovni amalga oshirish borasida jiddiy qadamlar tashlandi. Sud-huquq sohasidagi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri - insonning konstitusiyaviy huquq va erkinliklari, avvalo, asossiz jinoiy ta’qib va shaxsiy hayotga aralashishdan himoyalanish, shaxsiy daxlsizlik huquqlari hamda adolatli sud muhokamasiga bo‘lgan huquqlari samarali muhofaza etilishini ta’minlash hisoblanadi.
Zero, har bir demokratik davlatda sud tizimi inson huquqlari himoyasiga qaratilgan mexanizmning asosini tashkil qiladi. Sudlar bugungi kunda adolat qo‘rg‘oni sifatida qonun ustuvorligini ta’minlamoqda. Xususan, o‘tgan davr mobaynida viloyatimizda 33 shaxsga nisbatan oqlov hukmlarining chiqarilgani ham insonparvarlikning yorqin ifodasidir.
Mustaqillik yillarida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, shuningdek, bugungi kunga kelib xalqimiz erishgan ulkan yutuqlarga yana bir bor nazar tashlar ekanmiz, mazkur yutuqlarning fundamental asosi va huquqiy negizini Asosiy Qomusimiz tashkil etishini ko‘rish mumkin.
O‘tgan yillar davomida inson manfaatlarini muhofazalashga qaratilgan milliy qonunchilik tizimi yaratilgani va izchillik bilan hayotga tatbiq etilayotgani samarasi bugun yurtimizda yashayotgan har bir insonning munosib hayot kechirishida, aholi farovonligi va jamiyatimiz barqarorligi misolida kuzatish mumkin.
Ayniqsa, barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan teng muhofaza etilishi kafolatlanganligi jamiyatda tadbirkorlik ruhini qaror toptirishning muhim omili sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Muxtasar aytganda, xalqimiz farovonligi va Vatanimiz ravnaqining huquqiy asosini tashkil etuvchi Asosiy qomusimiz yurtimizda yashayotgan har bir fuqaro, oila taqdirida, ularning bugungi hayoti, ertangi kelajagini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shu bois O‘zbekiston Konstitusiyasi halqimizda vatanparvarlik tuyg‘ularini tarbiyalaydi, davlatimiz ramzi bo‘lmish O‘zbekiston madhiyasi, bayrog‘i va gerbida o‘z ifodasini topgan baxt saodat sari yetaklaydi.

 

Surxondaryo viloyat sudi sudyasi Z.E.Mavlonov